
Olamshumul kashfiyotlar yaratish uchun hatto o‘z jonini fido qilgan insonlarni buyuk jasorat egalari, desak haq gapni aytgan bo‘lamiz. Jahon ilm–fanining haqiqiy fidoyisi, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi va zamonaviy fizika fani asoschisi Mariya Sklodovska–Kyuri ana shunday insonlardan biri sanaladi. U fizika hamda kimyo fanlari dahosi, jamoat arbobi, radiaktiv nazariya ixtirochisi va ikki marta Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan yagona ayol olima hisoblanadi. Birinchi rentgen apparati hamda radiy (radioaktivlik ega bo‘lgan kimyoviy element)ni ham aynan shu ayol kashf qilgan. Uni fan olamida radioaktiv fizikaning onasi deb ham atashadi.
Mariya Kyuri 1867 yilning 7 noyabrida Varshavada o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan. Otasi fizika va matematika fani o‘qituvchisi, onasi esa nufuzli oilalar qizlariga ta’lim beradigan gimnaziya direktori bo‘lib ishlagan. Biroq ko‘p o‘tmay oila boshiga baxtsizlar yog‘iladi: otasi ishidan va to‘plagan mol-mulkidan ayriladi. Kichik singlisi vafot etadi. Onasi ham sil kasalligi asoratidan bu dunyodan erta ko‘z yumadi. Quvnoq va o‘ziga to‘q oila birdaniga nochor ahvolga tushib qoladi.
Mariyani yoshligidanoq ilm sehri o‘ziga maftun qila boshlaydi. Shu bois maktabda o‘qib yurgan kezlarida tabiiy fanlarni juda oson va tez o‘zlashtiradi. Otasining ilmiy doiradagi tanishlari ko‘p bo‘lgan. Bunday aloqalar Kyuriga mashhur shaxslar bilan muloqot qilish imkonini bergan. Jumladan, otasi sababli mashhur davriy kimyoviy elementlar jadvalini yaratgan rus olimi Dmitriy Ivanov Mendeleevning laboratoriyasida laborant bo‘lib ishlaydi. Qizaloqning laboratoriyada ishlash jarayonini kuzatgan olim u haqda shunday deydi: “Agar Mariya shu zaylda faoliyatini davom ettirsa, kelajakda mashhur kimyogar bo‘lib yetishadi”. Shu tariqa iste’dodli Mariya gimnaziyani a’lo baholarga tamomlaydi. Biroq oliy ta’lim olish maqsadini amalga oshirishda ikki to‘siqqa duch keladi: oilasining qashshoqligi va o‘sha davrda Varshava universitetida ayollarning o‘qishga qabul qilinmasligi.
Biroq kurashuvchan va ilmga tashna Mariya hamda singlisi Bronya o‘z orzusini amalga oshirish uchun “antiqa” reja ishlab chiqishadi: Mariya 5 yil davomida singlisining tibbiyot institutida tahsil olishi uchun kerakli mablag‘ni to‘plash uchun tarbiyachi sifatida ishlay boshlaydi. Kerakli muddat o‘tgach, Bronya Parijda shifokor bo‘lib ishga kiradi. So‘ng opasini o‘qitish uchun barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Mariya 1891 yili Parij Universitetining (Sorbondagi) tabiiy fanlar fakultetiga o‘qishga kiradi. Bunday baxtga muyassar bo‘lgan olima bor kuchini o‘qishga sarflab, eng bilimli talabalar qatoridan joy oladi. Biroq Mariya muhtojlikda yashaydi. O‘z vaqtida ovqatlanish va kiyinishga imkoni bo‘lmaydi. Hatto bir necha marta ochlik sabab hushidan ham ketadi.
1893 yili birinchi bosqichni yakunlagan bo‘lajak olima Sorbonda fizika bo‘yicha litsensiat darajasi (ekvivalent magistr darajasi) va yana bir yildan so‘ng esa matematika fani bo‘yicha litsensiat darajasiga ega bo‘ladi.
Ilmiy yutuqlari
Mariya Kyurining biografiyasi ajoyib voqyealarga boy. U orzusi yo‘lida qo‘lga kiritib bo‘lmaydigan natijalarga erishganligi kishini hayratlantiradi. Kyuri-Sklodovskaya fizika fani bo‘yicha ma’ruzalar o‘qishdan tashqari, elementlarning radiaktiv xususiyatlariga oid eng katta kashfiyotlarni ham amalga oshirgan. Shuningdek, ularning amaliy foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar qoldirgan. Turmush o‘rtog‘i Per Kyuri bilan hamjihatlikda poloniy (kimyoviy element)ni kashf qiladi. Ular fan tomonidan hali kashf etilmagan boshqa elementlar mavjudligini ham taxmin qilishgan.
Mariya o‘n ikki yil davomida radiy (radioaktivlik xossasiga ega bo‘lgan kimyoviy element)ning xususiyatlari bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Va elementni metall shaklida qo‘lga kiritib, xlorid bilan radiyning birikishini ajratib ko‘rsatishga erishadi. Qolaversa, bu izlanishning eng diqqatga sazovor tomoni shundaki, ilgari hyech qanday davosi yo‘q hisoblangan saraton kasalligini radioaktiv nurlanish orqali davolash mumkinligini aniqlab, tibbiyot sohasi rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Kyuri, shuningdek, radioaktiv gazlarning yiringli yallig‘lanish kasalliklarini davolashdagi zararsizlantiruvchi xususiyatini aniqlaydi. Hatto u maxsus preparat saqlaydigan idish ham yaratadi. Urush paytida esa olima “kichik Kyuri” deb nomlanadigan yaralangan askarlardan radiatsiya qismlarini aniqlash uchun mobil rentgen apparatlarini to‘plashga ko‘maklashadi. Bu orqali jarohatdagi yara asoratlarini aniqlashga erishildi.
Ishga bo‘lgan talabchanligi va shijoati bilan Mariya Radiy institutiga asos soladi. Olima u yerda dars berishdan tashqari, tadqiqot ishlarini ham olib borgan. Umri davomida Kyuri 30 dan ortiq maqola, 4 o‘quv qo‘llanma va 5 ta kitob nashr ettiradi.
Shaxsiy hayoti
Mariya Kyuri oliygohni tamomlagandan so‘ng ko‘plab ilmiy kashfiyotlar va kristall fizikasi sohasida olib borayotgan tadqiqotlari bilan og‘izga tushgan olim Per Kyuri rahbarligidagi laboratoriyada ishlay boshlaydi.
Per Kyuri o‘z kasbiga muhabbat bilan yondashgan, aqlli yosh olimaga ko‘ngil qo‘yadi va Mariyaga turmush qurish istagini bildiradi. Biroq Kyuri bunday taklifga avval rad javobini beradi. Shunga qaramay, Per Kyurining ko‘ngliga yo‘l topib, uni taklifiga ko‘ndiradi. Xullas, 1895 yilda ular turmush qurishadi. Ular Iren va yeva ismli qizlarni voyaga yetkazishadi.
Bir sohada faoliyat olib borgan olimlarga hamkorlikda ishlash haqiqiy zavq bag‘ishlaydi. Ular birgalikda katta metallurgiya konsernning buyurtmasiga binoan ruda radiatsiyasini o‘rganish borasida tadqiqotlar olib boradi. Biroq bunday baxt uzoqqa cho‘zilmaydi. Per katta yuk mashinasi g‘ildiragi ostida qolib, halok bo‘ladi. Mariya bu qayg‘uni yengish uchun o‘zini butunlay ishga bag‘ishlaydi.
Olima juda ko‘plab tadqiqotlar olib borgan. Xususan, radiatsiya ta’siriga duch kelgan eksprementlarni amalga oshiradi. Hayotining so‘nggi damlarida Mariya radiatsiya kasalligidan kelib chiqqan turli xil kasalliklar asoratidan aziyat chekadi. O‘z sog‘lig‘ini xavfga qo‘yib, radiatsiya nurlanishi ochiq elementlarining inson organizmiga ta’siri xususida uzoq vaqt tekshiruvlar olib boradi.
Cheksiz hurmat va ehtirom
1903 yilda professor Genri Bekkerel, Mariya Kyuri va uning turmush o‘rtog‘i Per Kyurining radioaktivlik hodisalari bo‘yicha olib borgan tadqiqotlari yuqori baholanib, fizika fani bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq topiladi.
1911 yili esa Mariya radiy va poloniy (kimyoviy elementlar)ning sof ravishda ajralishi, tabiati va o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish borasida olib borgan ishlari yuzasidan kimyo sohasida Nobel mukofotini yana bir bor qo‘lga kiritishga musharraf bo‘ladi.
1922 yilda Mariya Kyuri Fransiya tibbiyot akademiyasi hamda xalqaro millatlar Ligasida intellektual hamkorlik bo‘yicha xalqaro komissiyaning a’zosi etib saylandi.
1930 yilda xalqaro atom massalari qo‘mitasining faxriy a’zosi bo‘ldi. Kyurining sharafiga muassasalar, universitetlar, jamoat joylari, ko‘chalar va muzeylarga uning nomi berilgan. Hayoti va bosib o‘tgan qiyinchiliklari to‘g‘risida turli xil san’at asarlari, tarjimai hollari, kitoblar, filmlar ishlangan.
Diqqatga sazovor ma’lumot
Mariya haqiqiy daho ayol edi. Uning xotirasiga bag‘ishlab Varshavada Mariya Sklodovskoy-Kyuri deb nomlangan muzey ochilgan. Parijning Milliy kutubxonasida qo‘rg‘oshin qoplamli qutilarda uning narsalari va laboratoriya uskunalari ehtiyotkorlik bilan saqlanadi. Olimlarning e’tiroficha, yuqori radiatsiya xavfi tufayli uning shaxsiy buyumlariga 1500 yil yaqinlashish mumkin emas ekan.
Parijning Panteon shahrida radiaktiv nurlanishdan himoya qiluvchi maxsus tobutda Mariya Kyuri ko‘milgan. Kutubxonaga tashrif buyuruvchilar, Kyurining kundaligi va jurnallari bilan tanishishdan avval xavf borasida ogohlantirilganliklari haqidagi hujjatga imzo chekadi. Radiy bilan zararlanmaslik uchun himoya moslamasini kiyib oladi. Bu qoida yana bir yarim ming yildan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi.
Sevara Abdullaeva tayyorladi.