
Gollandiyalik fizika nazariyotchi Lorens Xendrik Anton 1853-yil 18-iyulda Arnxem shahrida tavallud topadi. Otasi Gerrit Frederik Lorens kichik yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan maktabgacha ta’lim muassasasiga rahbarlik qilar edi. Onasi esa bor-yo‘g‘i to‘rt yoshligida olamdan ko‘z yumadi. Besh yildan so‘ng uning otasi yana bir bor uylanadi. O‘gay onasi – Lyuberta Xupkens uning mehrini qozonishga muyassar bo‘ladi: ulg‘aygandan so‘ng Anton uni har doim alohida ehtirom va hurmat bilan eslaydi.
Anton bolaligidan aniq fanlarga qiziqadi. Olti yoshidan maktabga borgan bu bolakay “eng yaxshi o‘quvchi” degan faxriy nomga loyiq deb topiladi. Uning eslab qolish qobiliyati chinakamiga noyob xususiyatlaridan biri edi. Anton fizika, matematika fanlari va chet tillarini zo‘r ishtiyoq bilan o‘rganadi va barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qiydi. U kuchli xotirasi tufayli maktabda o‘tiladigan fanlardan tashqari nemis, fransuz va ingliz tillarini osonlikcha o‘zlashtiradi, oliygohga kirishdan avval esa yunon va lotin tillarini o‘rganadi.
Ilmga chanqoq va mehnatkash olim17 yoshida Anton Leyden universitetiga o‘qishga kiradi. U yerda astronomiya professori Frederik Kayzer bilan tanishadi. Professorning ushbu fan nazariyasi bo‘yicha o‘qigan hamma ma’ruzasini tinglab, o‘zlashtiradi. Bu olim uning fizika nazariyotchisi sifatida shakllanishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ilmga chanqoqligi va mehnatkashligi tufayli u ikki yilga bormay fizika va matematika bakalavri darajasiga ega bo‘ladi va 19 yoshida o‘z ona shahriga qaytib, mahalliy o‘rta maktabda dars beradi. O‘qituvchilik qila turib, Anton ilm-fanni ham bee’tibor qoldirmaydi: u doktorlik darajasini olish uchun imtihonlarga tayergarlik ko‘radi va yuqori baholar bilan imtihonlardan o‘tadi. Bu davrda u 20 yoshda edi.
Doktorlik dissertatsiyasini yoqlash uchun Antonga ikki yil kerak bo‘ladi. Tadqiqot ishi yorug‘likning qaytishi va sinishi mavzusiga bag‘ishlangan edi. Bu ilmiy ishda bo‘lajak olim Jeyms Klerk Maksvellning yorug‘lik to‘lqinlari haqidagi elektromagnit nazariyasining ba’zi oqibatlarini tadqiq qiladi. Uning bu tadqiqoti mislsiz ilmiy ish deb e’tirof etiladi.
Anton Lorens doktorlik dissertatsiyasini yoqlagandan so‘ng o‘z shahrida yashab, 1978-yilga qadar maktabda dars berishni davom ettiradi. Aynan shu yili u Leyden universitetining nazariy fizika kafedrasiga rahbar etib tayinlanadi. O‘sha paytlarda nazariy fizika mustaqil fan sifatida endigina shakllana borar, Leydendagi kafedra esa yevropadagi bu yo‘nalishdagi kafedralardan birinchilardan edi. Bu lavozim Lorensga juda mos kelardi, chunki bu noyob aql sohibi nazariyani sodda tilda ifoda etib, matematik tushunchalar orqali fizika muammolarini hal etish qobiliyatiga ega edi.
Elektronlar nazariyasi g‘oyasining tug‘ilishi
Shunday qilib, Lorens Xendrik Anton 25 yoshidan Leyden universitetida professor sifatida faoliyat yurita boshlaydi. Shu paytdan boshlab u ilm ummoniga g‘arq bo‘ladi: 1978-yilning o‘zidayoq Anton Lorens optik hodisalar ustidan tadqiqotlarni davom ettirgan holda modda zichligi bilan uning sinish ko‘rsatkichi o‘rtasidagi bog‘lanishni hisoblab chiqadi. Ya’ni, vakuumdagi yorug‘lik tezligining moddadagi yorug‘lik tezligidagi nisbatini nazariy jihatdan aniqlaydi. Bu kattalik yorug‘lik nuri vakuumdan moddaga o‘tish jarayonida birinchi yo‘nalishiga qaraganda og‘ish nisbatini bildiradi. Biroq, Anton bu tadqiqot natijasini e’lon qilishi bilan ma’lum bo‘ladiki, aynan shu formulani daniyalik fizik Lyudvig Lorens ham undan sal avvalroq aniqlagan ekan. Shuning uchun ham bu formula hozirgi kunga qadar Lorens-Lorens formulasi deb nomlanadi.
Ammo Xendrik Lorensning ilmiy ishlari shunisi bilan ahamiyatli ediki, uning xulosalariga qaraganda, moddiy ob’ekt tarkibida harakatdagi zaryadlangan elektron zarralar bo‘lib, ular yorug‘lik nurlari bilan munosabatga kirishadi. O‘sha davrda modda atom va molekulalardan tarkib topgan, degan fikr ko‘pchilik tarafidan ma’qullanmagandi va olimning bu taxmini aynan shu nuqtai nazarning isboti edi.
1880-yillarda Lorensning ilmiy qiziqishlari asosan gazlarning kinetik nazariyasi bilan bog‘liq bo‘lib, bu nazariya molekulalarning harakatini hamda ular harorati va o‘rta kinetik energiyasi o‘rtasidagi nisbatning o‘rnatilishini tavsiflaydi. 1892-yilda Lorens yangi, keyinchalik elektronlar nazariyasi deb nom olgan nazariya ustida ishlay boshlaydi. “Elektrichestvo mayda zaryadlangan zarralarning – manfiy va musbat elektronlarning tartibli harakati natijasida vujudga keladi”, – deb ta’kidlaydi Lorens. Vaqt o‘tishi bilan barcha elektronlar manfiy zaryadlangani aniqlanadi va Lorens shunday xulosaga keladiki, bu nihoyatda mayda zarralar elektromagnit to‘lqinlarni, shu jumladan, yorug‘lik va radio to‘lqinlarni keltirib chiqaradi. Bu to‘lqinlar 1888-yilda Maksvell tomonidan aniqlanadi va Genrix Gers tomonidan ixtiro qilinadi.
Olim 1890-yilda elektronlar nazariyasi ustida olib borgan tadqiqotlarini davom ettiradi. Bu nazariyani Maksvellning elektromagnit nazariyasini soddalashtirish uchun qo‘llaydi va bu borada fizikaning ko‘plab muammolariga, jumladan magnit maydonidagi spektral chiziqlarning parchalanishiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarini chop etadi.
XIX asrning oxirlarida aksariyat fizik olimlar spektrlar atom tuzilishini aniqlashda yordam berishini taxmin qilishadi va bu taxminlari to‘g‘ri bo‘lib chiqadi. Shuning uchun ham Lorensning spektral hodisani izohlashda elektronlar nazariyasini qo‘llashi modda tuzilishini aniqlashda muhim qadam deb aytsa bo‘ladi.
Yorug‘likning elektromagnit nazariyasi
1902-yilda Lorens va uning hamkasbi – Leyden universitetida faoliyat yurituvchi fizik olim Piter Zeeman Nobel mukofoti bilan taqdirlanadi. Mazkur yuksak sovrin ularga “magnetizmning nurlanishga ta’sirini tadqiq etib, fizika fani rivojiga qo‘shgan yuksak hissalari uchun” beriladi. Mukofot taqdimotida Shvetsiya Qirolligi Fanlar akademiyasining a’zosi Yalmar Teel so‘zga chiqib: “Yorug‘likning elektromagnit nazariyasining rivojiga qo‘shgan katta hissasi uchun professor Lorensdan barcha ilm ahli g‘oyat minnatdordir. Agar Maksvellning nazariyasi atomlarni o‘rganishdan yiroq bo‘lsa, Lorens o‘z tadqiqotlarida moddalar mayda elektron deb nomlanadigan zarralardan tarkib topganini, buning ustiga, bu zarralar zaryadlanganini taxmin qilib, fizika fanini yangi bosqichga olib chiqadi”, – deb aytadi.
Ilmdagi yangi qadamlar
XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Lorens dunyoning yetakchi fizik nazariyotchisi deb tan olinadi. Uning ishlari nafaqat elektrichestvo, magnetizm va optikani, balki kinetika, termodinamika, mexanika, statistik fizika va gidrodinamikani qamrab oladi. Olimning faoliyati tufayli fizika nazariyasi klassik fizika doirasida mumkin qadar yuqori cho‘qqilarni egallaydi. Lorens g‘oyalari zamonaviy nisbiylik va kvant nazariyalarining rivojiga ta’sir qiladi.
1904-yilda Lorens o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan katta ahamiyatga ega bo‘lgan formulalarni e’lon qiladi va ular Lorens o‘zgarishlari deb nom oladi. Mazkur formulalar harakatdagi modda o‘lchamining harakat yo‘nalishiga qisqarishini va vaqt yo‘nalishining o‘zgarishini tavsiflaydi. Bu ikki holat harakat tezligi yorug‘lik tezligiga yaqinlashganda o‘sadi. Mazkur ilmiy ishini Lorens o‘sha davrda ba’zi fizik olimlar taxminini – go‘yoki butun borliqni efir deb nomlanuvchi maxsus moddaning ta’sirini aniqlash borasida ko‘plab muvaffaqiyatsiz olib borilayotgan tadqiqotlarni izohlash maqsadida amalga oshiradi.
Lorens o‘zgarishlari fizika nazariyasining keyingi taraqqiy etishiga katta ta’sir ko‘rsatadi hamda Albert Eynshteyn tomonidan nisbiylik nazariyasining yaratilishiga turtki bo‘ladi. Agar Lorens harakatdagi moddalar defformatsiyasi qandaydir molekulyar kuchlar ta’siri ostida amalga oshirilib, vaqtning o‘zgarishi – oddiy matematik nayrang, yorug‘lik tezligi esa uning nazariyasi orqali izohlanadigan hodisa deb hisoblagan bo‘lsa, Eynshteynning fikriga ko‘ra, yorug‘lik tezligi nisbati va doimiyligini muammo sifatida emas, asosiy tamoyil sifatida ko‘rib chiqish lozim.
Mashhurlik shohsupasi
30 yildan ortiq ilmiy faoliyati davomida Lorens Xendrik Anton zamonaviy fizika rivojiga katta qiziqish bilan qaraydi hamda vaqt, borliq, modda va energiya haqidagi yangicha qarashlar fandagi ko‘plab muammolar yechimi bo‘lishini anglab yetadi.
Lorens hamkasblari orasida katta hurmat va e’tiborga ega bo‘ladi. Ularning iltimosiga ko‘ra olim 1911-yilda fizikadan birinchi tashkil etilgan Solveev konferensiyasiga – eng mashhur olimlarning xalqaro forumiga raislik qiladi va to umrining oxirigacha har yili bu vazifani amalga oshiradi.
1912-yilda Lorens Leyden universitetidan nafaqaga chiqadi va bo‘sh paytini ilmiy tadqiqotlarga bag‘ishlaydi. Shunga qaramay, xaftada bir marta oliygohda ma’ruzalar o‘qishni davom ettiradi.
Olim 1919-yilda suv toshqinlarini oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha jahondagi eng buyuk loyihalardan birida ishtirok etadi. U Shimoliy dengiz zalivi Zyuyderzeening qurishi davomidagi va qurib bo‘lgandan keyin dengiz suvining ko‘chishi ustidan nazoratni o‘rnatuvchi Qo‘mitani boshqaradi.
Birinchi jahon urushi tugashi bilanoq Lorens ilmiy hamkorlikning tiklanishiga harakat qiladi va Markaziy yevropa mamlakatlari fuqarolarining xalqaro ilmiy tashkilotlardagi a’zoliklarini tiklashga jon jahdi bilan kirishadi. 1923 yilda u Millatlar Ligasining intellektual hamkorlik bo‘yicha xalqaro komissiyasiga saylanadi. Mazkur komissiya tarkibida yana oltita taniqli olimlar faoliyat yuritadi. Ikki yildan so‘ng Lorens unga rais etib tayinlanadi.
Hayot yo‘llari
1881-yilda Lorens o‘zining ustozi – astronomiya pofessori Frederik Kayzerning jiyani Allet Katerin Kayzerga uylanadi. Ular to‘rt nafar farzand ko‘rishadi, farzandlaridan biri ulg‘aymasidanoq vafot etadi.
Lorens juda kamtarin va oliyjanob inson bo‘lib, ko‘plab ijobiy hislatlari ajoyib tashkilotchi va boshqaruvchi sifatida unumli va samarali faoliyat yuritishiga sabab bo‘ladi. Bu buyuk olim umrining oxirgi kunigacha ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni kanda qilmaydi va 1928-yil 4-fevral kuni Garlem shahrida 74 yoshida olamdan ko‘z yumadi.
Hilola Saloyeva tayyorladi.