
Bu savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Buning bir necha sabab va omillari mavjud. Avvalo, ta’kidlash kerakki, dollar erkin konvertatsiya qilinadigan, ya’ni ayirboshlanadigan valyuta bo‘lib, uning dinamikasi jahon banklararo bozorida boshqa valyutalarga nisbatan talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi.
AQSh dollari kursining shakllanishi ko‘p omilli jarayon bo‘lib, bu omillardan asosiylarini ko‘rib chiqamiz.
1. Mamlakat savdo balansidagi o‘zgarishlar. Ya’ni mamlakatda savdo balansi buziladi, uning saldosi (kirim va chiqim o‘rtasidagi farq, qoldiq) salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘ladi – import eksportdan ortadi. Bunda mamlakatga chet davlatlardan kirib kelayotgan tovar va mahsulotlar hajmi mamlakatda ishlab chiqarilgan, eksport qilinayotgan tovar va mahsulotlar hajmidan ko‘proq bo‘ladi. Agar davlat eksportdan ko‘ra ko‘proq import qilsa, bu milliy valyutaning devalvatsiyasi – qadrsizlanishini keltirib chiqaradi, chet el valyutasi kursi esa oshib boraveradi (bizning misolda AQSh dollarining kursi). Sababi, chet davlatlardan keltirilayotgan tovar va mahsulotlar uchun tashqi savdo kontraktlari bo‘yicha asosan AQSh dollarida hisob-kitob qilinadi va bu uning taqchilligiga (defitsitiga) olib keladi.
O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida ham asosan AQSh dollaridan foydalaniladi. Asosiy import tovarlar xalq iste’moli mahsulotlari, ishlab chiqarish asbob-uskunalari va dori-darmon hisoblanadi. Shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar (investorlar) daromadlarini qaytarish ham ushbu valyutada amalga oshiriladi. Aynan shuning uchun hozirgi paytda O‘zbekiston hukumati tomonidan yuritilayotgan siyosat import hajmini qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, e’tiborni mahalliy xomashyo manbalariga yo‘naltirishga qaratilgan.
Demak, savdo balansi xorijiy valyuta (dollar) kursining o‘zgarishiga ta’sir etuvchi eng asosiy omillardan biri hisoblanadi. Mamlakatning savdo balansi saldosi nolga teng bo‘lgan taqdirda, ya’ni import hajmi eksportga deyarli teng bo‘lganda, milliy valyuta kursi nisbatan barqarorlashadi.
2. Mamlakatning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari. Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar deganda ko‘pincha ishlab chiqarish, iste’mol, jamg‘arma, eksport va import hajmi, ishsizlik va inflyatsiya darajasi kabi ko‘rsatkichlarning o‘sish yoki pasayish sur’atlari nazarda tutiladi.
Asosiy makroiqtisodiy o‘lchov ko‘rsatkichlariga:
1. Yalpi ichki mahsulot (YaIM);
2. Yalpi milliy mahsulot (YaMM);
3. Sof milliy mahsulot (SMM);
4. Ishsizlik va inflyatsiya darajasi;
5. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar;
6. Davlat byudjeti profitsiti yoki taqchilligi kabi ko‘rstatkichlarni kiritish mumkin.
Bu mezonlar mamlakatning iqtisodiy rivojlanganlik darajasini ko‘rsatadi va milliy valyuta kursiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Masalan, inflyatsiya va ishsizlikning yuqori darajasi milliy valyuta kursiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning devalvatsiyasi – qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi va, aksincha, ishlab chiqarish hajmining o‘sishi esa milliy valyutaning mustahkamlanishiga olib keladi. Inflyatsiya tufayli barcha tovarlarning narxi ko‘tariladi, milliy valyutaning xarid quvvati pasayadi. Dollarning ham tovar sifatidagi narxi o‘z-o‘zidan oshadi.
3. Dollarga bo‘lgan talabning ortishi. Aholi o‘z mamlakati valyutasini qanchalik qadrlasa, xorijiy valyutaning narxi shunchalik pasayadi va aksincha. Chunki aholi tomonidan mablag‘lar aynan dollarda jamg‘arib borilishi odat tusiga aylangan, bundan tashqari, aksariyat yirik hisob-kitoblar, masalan, ko‘chmas mulk oldti-sotdisi ham dollarda amalga oshiriladi. Oqibatda narxlar dollar kursiga bog‘lanib qoladi, unga talab taklifdan ko‘ra yuqori bo‘ladi. Hattoki Markaziy bank tomonidan bir qator tartibga solish chora-tadbirlari (xorij valyutasining sotilishini cheklash, valyuta operatsiyalarini amalga oshirganlik uchun qo‘shimcha komission yig‘im olish, valyuta depozitlarini taqiqlash) amalga oshirilgan taqdirda ham dollar kursining pasayishi kuzatilmaydi. Chunki bu holda “qora” bozorda ish qizg‘in kecha boshlaydi – xorij valyutasi yanada qimmatroq sotiladi.
Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha so‘nggi yillarda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bir qator ijobiy o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, valyuta resurslaridan foydalanishda bozor instrumentlarining rolini oshirishga, valyuta bozorida barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga ahamiyat qaratildi, shuningdek, yashirin bozorda faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan keskin choralar ko‘rildi.
Natijada ichki valyuta bozorida ishtirokchilar soni o‘sgani, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutani sotish operatsiyalari hajmi oshgani, yashirin valyuta bozoridan rasmiy valyuta bozoriga o‘tish kuzatildi. Aholidan xorijiy valyuta sotib olish hajmining o‘sishi esa, o‘z navbatida, uning kursi pasayishiga sabab bo‘ladi.
Mazkur maqolada xorij valyutasi, aniqrog‘i, dollar kursi o‘sishining eng asosiy omillari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, xorijiy valyuta kursiga bir qator pul-kredit omillari, jumladan, pul emissiyasi, valyuta intervensiyalari, qayta moliyalash stavkasi, qarzdorlik majburiyatlari bilan bog‘liq operatsiyalar, shuningdek, neft narxining o‘zgarishi, yirik investitsion loyihalar, valyuta bilan bog‘liq spekulyatsiyalar va boshqa omillar ta’sir qiladi.
Hilola SALOYEVA