
«Technovation Challenge» xalqaro tanlovi 2010-yildan buyon dunyoning 78 mamlakatida o‘tkazib kelinadi. Mana, uch yildirki, ushbu tanlov yurtimizda ham o‘tkazilmoqda. Tanlov har yilning yanvar oyidan may oyiga qadar davom etadi.
Tanlov Toshkent shahar hokimligi, “Yoshlar ittifoqi”, BMT Taraqqiyot Dasturining “Davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha elektron hukumatni rivojlantirish” loyihasi, Toshkentdagi Inha universiteti, “Uzinfosom” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi tomonidan tashkil etilgan.
«Technovation Challenge» tanlovining diqqatga sazovor tomoni shundaki, u faqat 15-18 yoshli qizlar o‘rtasida o‘tkaziladi. Tanlov sharti atrofimizdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladigan ilovalar yaratishdir. Dasturning asosiy maqsadi — qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturiy qobiliyatlarni rivojlantirish, shuningdek, muammolarni aniqlash, yechimlarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazish, jamoada ishlash va turli auditoriya bilan muloqot qilish qobiliyatini o‘stirishdan iborat.
Mazkur tanlov Google, Yahoo, Adobe, Intel, Oracle, Dropbox kabi jahonning yirik kompaniyalari homiyligi va qo‘llab-quvvatlashi ostida bepul o‘tkaziladi.
Tanlovda bitta jamoa tuziladi va ular o‘zlarining loyihasini video taqdimotlar yordamida taqdim qilishadi. Tanlov g‘oliblari AQShning Kaliforniya shtatida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
«Technovation Challenge» tanlovi 2018-yilda ham o‘tkazildi. Unda bir guruh iste’dodli o‘smir qizlar o‘z loyihalari bilan qatnashib, tanlov g‘oliblariga aylanishdi. Ular orasida sertifikat g‘oliblari ham bor. Yaqinda «Technovation Challenge» tanlovida maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan … sinf o‘quvchilari Nastarin va Sevinch Mahmudova, Madina Hasanovalar yaratgan loyiha bilan tanishish maqsadida ularni suhbatga tortdik. Bu ilovaning ahamiyati shundaki, u Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarni rivojlantirishga yordam beradi.
ILOVA YARATILISHIGA SABAB
– Yurtimizda farzandi Daun sindromi bilan dunyoga kelgan ota-onalar dilbandlarini voyaga yetkazish va rivojlantirishga yordam beradigan kerakli dasturlar yetishmasligidan aziyat chekadi. Ota-onamni ham bir necha yillardan beri bu muammo qiynab keladi. Negaki kenja ukam Daun sindromi bilan tug‘ilgan. Bilasiz, bunday bolalarga alohida parvarish va e’tibor juda muhim. Biroq ular bilan qanday munosabatda bo‘lish, aqliy rivojlanishdan ortda qolmasligi uchun nimalar qilish to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega emasmiz.
Eng yomoni bunday tashxis bilan tug‘ilgan bolalar o‘zgacha fe’l-atvorga egaligi tufayli odamlarga qo‘shilolmaydi, aksariyat hollarda kamsitiladi. Tabiiyki, yon-atrofdagilarning bunday munosabati ota-onalarni ranjitadi. Natijada ular farzandlarini ko‘chaga chiqarmaydi, odamlardan yashirishga harakat qiladi. Biroq bu bolaning rivojlanishda tengqurlaridan ortda qolishiga sabab bo‘ladi.
Biz bu kabi muammolarning oldini olish va bartaraf qilish maqsadida mobil ilova yaratishga qaror qildik.
Loyihamizni “SunChild” deb nomladik. Bunday tashxis bilan tug‘ilgan go‘daklarni quyoshli bolalar deyishadi. Bu dastur nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo ota-onalari uchun mo‘ljallangan. Ushbu dastur ayni paytda butun dunyo bo‘yicha yagona va ilk ijtimoiy dastur hisoblanadi. Bizning maqsadimiz – Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolajonlar ham hayotdan oddiy bolalar kabi zavq olsin!
Loyihamiz o‘zining innovatsion yechimi va noyob xususiyatlari bilan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasining beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi hamda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog‘liq. “SunChild” dasturi ijtimoiy sohani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shadi, degan umiddamiz.
Mobil ilova qanday funksiyalarga ega?
“SunChild” mobil ilovasiga foydali va qiziqarli funksiyalar yuklaganmiz. Dasturga o‘rnatilgan eng muhim funksiyalardan biri bu ota–onalarga bolaning qay darajada rivojlanayotganini aniqlab beradigan so‘rovnomadir. Ushbu so‘rovnoma amerikalik professorlar tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lib, bolaning bir qator qobiliyatlarini aniqlashda asqotadi. So‘rovnoma test shaklida bo‘lib, savol-javob orqali bolaning holatiga baho beriladi. Shuningdek, uning sog‘lom ulg‘ayishi uchun qanday ko‘rsatmalarga amal qilish haqida xulosalar ko‘rsatiladi.
Ushbu dasturda mutaxassislar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi “maslahat” bo‘limi ham mavjud. Negaki bu tashxis bilan dunyoga kelgan bolalarda o‘rtacha 70 % eshitish, 45 % yurak bilan bog‘liq muammolar uchraydi. Qolaversa, ota-onalarni ruhlantirish maqsadida multimedia bo‘limiga kayfiyatni ko‘taradigan videolavhalar ham joylashtirilgan.
Mazkur mobil ilovani yaratishdan asosiy maqsad Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarning ota-onalariga amaliy yordam ko‘rsatish, ularga ruhiy madad berish, farzandlarining jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashish va ijtimoiy maqomini kuchaytirishdir.
Iftixor! “National Geographic” kanaliga reportaj!
Daun sinromiga oid mobil ilova AQShning eng mashhur National Geographic kanalini ham qiziqtirib qo‘ydi. Dastur mualliflari Nastarin, Sevinch va Madinalar yaqinda ushbu xorij kanaliga intervyu ham berishdi.
KASALLIKKA TA’RIF
Ma’lumki, Daun sindromi 1866-yilda britaniyalik shifokor Jon Daun tomonidan o‘ylab topilgan. 1959-yili fransuz olimi Jerom Lejen bu kasallikka irsiy omillar sabab bo‘lishini aniqladi. Sog‘lom chaqaloq dunyoga kelganda, uning organizmidagi xromosomalar soni 46 ta bo‘ladi. Biroq Daun sindromiga chalingan bolalarda bu ko‘rsatkich 47 tani tashkil qiladi. Aksariyat holatlarda 40 yoshdan oshgan ayollarda shunday bolalar dunyoga kelishi kuzatiladi.
Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarning, odatda, boshi nomunosib kichik bo‘ladi, yuzi keng, ko‘zlari kichkina va bir-biriga yaqin joylashadi, og‘zi yarim ochiq holatda yuradi.
Bu kasallikka chalingan bola bilan muntazam shug‘ullanilsa, u oddiy bolalar bajaradigan harakatlarni bemalol o‘zlashtira oladi.