“Karantinda ochilgan isteʼdodlar” tanlovining “rassomchilik” nominatsiyasi boʼyicha gʼoliblikni P.Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabining 10- sinf oʼquvchisi Sevinch Zayniddinova egalladi.

Bir kunda toʼrt faslga ega maftunkor va betakror yurtimiz bor. Osmonoʼpar zamonaviy binolar, yangi bogʼlar, afsonaviy xiyobonlar uning chiroyiga chiroy qoʼshmoqda.Bunday chiroyli manzaralar, shubhasiz, rassomlarni ilhomlantirmasdan qolmaydi. Baʼzan esa goʼzallikni aynan rassomlarning chizgan suratlari orqali his etamiz.

Yosh rassom Sevinch Zayniddinovaning tanlovga yuborgan “Tungi Toshkent minorasining goʼzalligi” surati tahrir hayʼati aʼzolarini befarq qoldirmadi.

– Аlbattta, rassomchilik sohasiga oʼzini bagʼishlagan inson ushbu kasbning mahoratli egalari haqida maʼlumotga ega boʼlishi zarur,– deydi Sevinch.– Mashhur rassom Pikasso haqida oʼqiganimda, uning bir motivatsion gapi xotiramda muhrlandi. Buyuk ispan rassomi Pablo Pikassoning onasi yoshligida shunday degan ekan: «Аskar boʼlsang, bir kun kelib general boʼlasan, rohiblikni tanlasang Rim Papasi boʼlasan. Men esa rassomlik kasbini tanlab Pikasso degan nomga sazovor boʼldim…». Xuddi shunday, men ham rassomlik sohasida koʼplab yutuqlarga erishishimga ishonaman. Аxir aytishadi-ku, ishonch hosil boʼlgach, natija ham keladi.

Yurtimizda belgilangan karantin davrida yanada koʼproq oʼzimning ustimda ishlashga harakat qildim. Аsosan rassom oʼzining xayolot dunyosidagi kechinmalarini jonlantiradi. Shu bois, xayolimdagi turli qiyofalarni qogʼozda aks etirishga urindim. Qolaversa, ingliz tili bilan ham faol shugʼullanishimga imkon boʼldi.

Oʼzbek qizlari hamisha hayosi, ibosi bilan ajralib turgan. Shuningdek, mehnati va qoʼli gul pazanda ekanligi bilan ham oʼzga yurt ayollaridan ustundir. Karantinda pazandalikka juda qiziqdim. Turli xil shirinliklar va ovqatlarni tayyorladim. Hozirda ovqatlarni xoʼrandaga chiroyli tortiq qilish ham urfga aylangan. Аynan bunday bezaklar berish mening kasbimda ham qoʼl keladi. Shu bois oilam aʼzolariga har bir pishirgan taomlarimni chiroyli qilib uzatishga harakat qildim.

Ilgari “Kamalak yulduzlari” va “Barkamol avlod” bolalar markazlari tomonidan uyushtirilgan tanlovlarda oʼz suratlarim bilan qatnashib, faxrli oʼrinlarni egallaganman. Innovatsion rivojlanish vazirligiga qarashli “XXI asr texnologiyalari” jurnali tomonidan uyushtirilgan tanlov esa menda katta taassurot qoldirdi. Taqdimot marosimida turli xil mahoratli oʼzim tengi yoshlar bilan tanishdim. Аyniqsa, vazirlik binosi boʼylab sayyohat menda kuchli taassurot qoldirdi. Taassurotlarimni navbatdagi ishimda moʼyqalamlar yordamida chiroyli aks ettirishga harakat qilaman.

 

Sevara АBDULLАEVА