Bir necha oydan beri tojdor virus insoniyatga, jumladan, yurtimiz aholisiga ham xavf solmoqda. Butun dunyoning dardi va tashvishi birgina shu virusni yengishga qaratilgan. Qo‘llarni tinimsiz tozalab yuvish virusdan himoyalanishning eng muhim yo‘lidir. Bunday mas’uliyatli vazifani uddalashga o‘rgandik. Lekin “tajovuzkor virus” ust-bosh kiyimlarda ham 4-5 kungacha yashashi aniqlandi. Ularni har gal dezinfeksiya qilish esa qiyin masalaga aylanmoqda.
Og‘irimizni yengil qilishga bel bog‘lagan ixtirochilar buning eng qulay yo‘lini ishlab chiqishdi. E’tiboringizga Innovatsion rivojlanish vaziriligi huzuridagi Yoshlar akademiyasining a’zosi, “Lotus Engineering”startap korxonasi rahbari, Texnika universitetining 3-bosqich talabasi 20 yoshli Sultan Abidov hamda uning jamoasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Clean Box” maishiy zararsizlantiruvchi qurilmani havola qilmoqchimiz. Dastavval, sahifamiz qahramonini yaqindan tanishtirib o‘tishni joiz topdik. Chunki uning bu sohaga kirib kelishi biz uchun ham qiziq.
                                  Qush uyasida ko‘rganini qiladi!
– Ixtirochilik sohasiga bolaligimdan qiziqib kelaman, – deya so‘z boshlaydi Sultan Abidov. – Ochig‘i, dadam Ilgiz Abidov yurtimiz ahliga foydali va ahamiyatli startaplari bilan ko‘p marotaba tanilganlardan. G‘ururlanib aytishim mumkinki, O‘zbekistonga avtomobil signalizatsiya tizimini tanitgan aynan dadam bo‘ladi. Signal beradigan uskunaning sxemasini tuzib, zavodda qadoqlagan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar. Ushbu signalizatsiyada kapot uchun maxsus elektromagnit qulf o‘rnatilgan bo‘lib, moshinani ochish va yopish elektron kalit orqali amalga oshirilgan.Signalizatsiyalarning ishlashi shu darajada mukammal o‘ylanganki, ular maxsus qoplam bilan o‘ralganligi bois suvga bo‘kib qolgan mashinaning ham signali ishlaydi.
Akam Amir Abidov ham mening hayotimda muhim rol o‘ynagan insonlardan biri. U kishidan mexanika, materiallar sohasini, sxemalarni qanday ulash kerakligini o‘rgandim. Akam Koreyada tahsil olib yurgan kezlarida ham turli xil konstruktorlar jo‘natib, meni texnika sohasiga bo‘lgan qiziqishimni yanada orttirib bordi.
                             G‘oyaning tug‘ilishi…

2016 yili Toshkent davlat texnika akademik litseyida o‘qib yurgandim. Akam xorijdagi o‘qishini yakunlab, yangi g‘oyalar bilan yurtimizga qaytib keldi. U supergidrofobli qoplamdan foydalangan holda ajoyib narsalar yasash mumkinligini aytib, meni qiziqtirdi. Bir paytlar internetda ko‘rgandim, gidrofobli qoplamdan tayyorlangan spreylar kiyimlarga sepilganda suv o‘tkazmasdi va toza saqlardi. Lekin qimmat bo‘lib, spreyning ta’sir kuchi uzoq vaqtga cho‘zilmasdi ham. Akam esa mutlaqo boshqacha yo‘lni taklif qildi.
Xullas, hamma dong‘i ketgan kompaniyalar singari biz ham o‘z biznesimizni uy garajidan boshladik. U yerda supergidrofobli qoplamdan foydalangan holda ko‘plab ixtirolarimizni sinovdan o‘tkazdik. Tarkibiga maxsus nanovorsinkalar, ya’ni nanotexnologiyalarni qo‘shishni boshladik. Deylik, oddiy oynaga tayyorlagan qoplamalarimizni o‘rnatganda ustidan suv to‘kib ko‘rdik. Suv oynani namlamasdan dumaloq tusga kirib, yerga to‘kildi. Sinovimiz o‘z natijasini ijobiy ko‘rsatgach, kiyimlarga va matolarga ham bu usulni qo‘lladik. Masalan, yoz faslida tog‘li joylarda chodir tortib, u yerda dam olishni yoqtiradigan qancha. Lekin to‘satdan yomg‘ir sharillab quyib, yuborsachi?.. Axir, bunday bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydiku. Bu paytda esa suv o‘tkazmaydigan matolar ayni muddao bo‘ladi! Loyihamiz tayyor bo‘lgach, “Startap insiativ” tanloviga qatnashishga otlandim. O‘sha paytlari Innovatsion rivojlanish vazirligi hali tashkil etilmagandi.
Bilasizmi, tanlovlarda qatnashishning eng ijobiy tomoni – bu g‘olib bo‘lish emas, balki o‘zingga o‘xshash g‘oyalarga boy yoshlar bilan tanishish imkoniyatining yaratilishidir. Juda ko‘plab shijoatli, bilimli tengdoshlarim bilan tanishdim. Tanlov bahona kimdir nimanidir bir-biridan o‘rganishi tabiiy. Shu tariqa, biznes reja tuzish, ularni qanday taqdim etish va hokazo shunga o‘xshash o‘zim uchun kelajakda asqotadigan tajribalarni oldim.
                                 Clean Boxning dunyoga kelishi!
Akamning o‘z ishlanmalari bor. U maxsus nanokatalizator filtr bo‘yicha izlanishlar olib borgandi. Filtr oddiy nur orqali havoni ionlashtiradi, natijada havodagi bakteriya va viruslarning hammasini o‘ldiradi. Uni konditsionerga o‘rnatsangiz, xonani, hatto narsalardagi virus va bakteriyalardan ham tozalaydi. Shu o‘rinda qayd etish joiz, hali dunyoda bunday texnologiya mavjud emas.
O‘ylab topgan ixtiromizning imkoniyatlaridan quvondik. Shuning uchun akam bilan birgalikda filtrni hayotga tatbiq etish maqsadida bozorga va jahon bozoriga olib chiqishni rejalashtirdik. Nihoyat biz kutgan daqiqalar ham keldi. Baxtimizga, Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Fursatdan foydalanib, vazirlikka xat orqali murojaat bilan chiqdik. Faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlagan vazirlik mutasaddilarining sharofati tufayli o‘tgan yili 800mln.so‘m grand sohibi bo‘ldik. Natijada Clean Box nomli ichiga zararsizlantiruvchi filtr o‘rnatilgan kichik qutimizni yasab chiqardik.
Aytish joizki, aynan hozirgi karantin sharoitida “hujumkor” virusdan xalos qiladigan narsalarga talab katta. Oilamiz bilan karantin sharotida zararsizlantiruvchi qutining yordamidan foydalanib kelmoqdamiz. Misol uchun, uyga kelishimiz bilan ust-boshimiz, telefon hamda kalitlarni maxsus qutiga joylashga odatlanganmiz.
Ultrabinafsha nurlari yo‘q
Ko‘pchilik qutining ichiga ultrabinafsha nurlaridan o‘rnatganmisizlar, deb so‘rashadi. Yo‘q, albatta. Chunki ultrabinafsha va kvars lampalarining inson salomatligiga xavf soladigan jihatlari ham bor. Misol tariqasida, kiyimni yoki qog‘ozni bunday nurlarning oldiga qo‘ysangiz sifati buzilishini ko‘rishingiz mumkin. Clean Box qutisiga istalgan narsani solishingiz mumkin. U hattoki, ust-boshingizga o‘tirib qolgan noxush hidlardan ham xalos etadi. Yoki bo‘lmasa, terlangan oyoq kiyimlar zamburug‘ chaqirish ehtimolini kuchaytiradi. Ana shunday paytda ham qutimizning yordami asqotadi, ya’ni 5-10 daqiqa ichida hidlarni butunlay yo‘qotadi. Clean Box qutida narsalarning turish vaqti chegaralanmagan. Istasangiz, kun bo‘yi tursa ham bo‘ladi, zarari yo‘q.
Biz yaratgan qutilarning analoglari ham bor. Masalan,bug‘ orqali kiyimlarni dezinfeksiya qiladigan shkaflar 2000 $ turadi. Kvars lampalaridan foydalangan holda yaratilgan maxsus qutilar 300$ga baholanmoqda. Bizning ishlanmamiz esa 100 $.
                                 O‘yinchoqlar dezinfeksiya qilinishi shart!

Maktabgacha ta’lim muassalarida davlat qonunchiligi bo‘yicha o‘yinchoqlarni kuniga 2marta sterillash lozim. Afsuski, bu qoidaga amal qilayotgan bog‘chalar juda ham sanoqli. Axir, bolalar o‘yinchog‘i ko‘pincha yerga tushib ketishi bor gap. Hadeb uni yuvish esa sifatiga ta’sir etishi tabiiy. Ana shunday hollarda ham qutimizning foydasi katta. Shu sababli birinchi bu ishlanmani bolalar uchun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqchimiz. Farzandlarimiz sog‘lom bo‘lsa, biz ham xotirjam bo‘lamiz.
Tanlovlarda doim birinchi bo‘ldik!
Clean Box qutimizning imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida turli xil xalqaro tanlovlarda qatnashib kelayapmiz. Jumladan, Isroilda o‘tkazilgan StartHaifa hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekistonning 25 ta startap kompaniyalari vakillari “Skolkovo” innovatsion markaziga borish uchun ham qo‘llanmani qo‘lga kiritdik. Ularning ekspertlari tomonidan loyihamiz yuqori baholandi.
Ko‘pchilik investitsiya berish taklifini ham bermoqda.
                                 Jamoada har bir fikr muhim!
Jamoamda hammaning fikri muhim. Tashkillashtirilgan ish tizimida ko‘pincha rahbar va xodim o‘rtasida vositachi turadi, ularning fikr-mulohazalarini bir-birlariga yetkazishda xizmat qiladi. G‘oya shunday nozik narsaki, u tezda qo‘llab-quvvatlanilmasa, so‘nishi mumkin. Shu sababli barcha xodimlarim to‘g‘ri o‘zimga murojaat qilishadi. Keyin birgalikda uni yaratishga kirishamiz.
                                     Kelajakdagi orzular
“Lotus Engineering” korxonamizda supergidrofobli qoplamlardan 5-6 turdagi startaplar faoliyatini ishga tushirishni boshlaganmiz. Shulardan Clean Box, “Nanokukun”, “Lotus Tower”– bu maxsus minora bo‘lib, shaharlarga o‘rnatiladi. Natijada atrof muhitdagi butun chang va har xil xavfli moddalarni yig‘ib, keyin shaharni toza havo bilan ta’minlab beradi. Hozirda loyihalarni mukammallashtirish harakatidamiz.
                 Innovatsion rivojlanish vazirligiga rahmat!

Ilgari tug‘ilgan g‘oyani jonlantirish uchun qayerga murojaat qilishni bilmasdik. Natijada aksariyat g‘oyalar shunchaki yo‘q bo‘lib ketardi. Agarda biror g‘oyangiz bo‘lsa, uni taqdim etish uchun tanish-bilishni o‘rtaga solishga to‘g‘ri kelardi. Ming bor shukrki, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi. Bemalol kelib, ularga g‘oyangizni taqdim etasiz. Mutaxassislar mahsulotingizni ko‘rgach, loyihangizni yanada mukammallik darajasiga olib chiqish bo‘yicha sizga fikr va tavsiyalar berishadi.
Nima uchun “Lotus Engineering”?
Lotos, ya’ni nilufar deb nomlanuvchi o‘simlik bor. U har doim toza turadi. Unga suv tushsa ham, dumaloq shaklga kelib, o‘zi yumalab ketadi. O‘sha suvning yumalashi lotus effekti deyiladi. Janubiy Osiyoda lotos – nilufar guli tozalik ramzi sanaladi. Chunki bu gulning ustida chang turmaydi. Yomg‘ir yoqqanda yanada tozalanadi.
Bir guruh olimlar o‘simlikni mikroskop orqali tekshirishganda nano ustunchalari borligini aniqlashgan. Shu ustunchalar suvni ushlab turar ekan. Bizlar shuni sun’iy kristallar qoplama shaklida matoning tarkibiga kirgizdik. Shu ustunchalarni ko‘proq, kichikroq yoki kattaroq, qalinroq va yupqaroq qilinishi, ya’ni yo‘nalishga qarab tanlanishi injiniring deyiladi.
Sevara ABDULLAYEVA suhbatlashdi.