
Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino «Agar chang bo‘lmaganda edi, inson ming yil yashagan bo‘lardi», deb bejizga aytmagan. Negaki aynan chang inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan eng birinchi omillardan biridir. Biroq shunga qaramay ayrim kasb egalari chang makonlarida ishlashga majbur bo‘lishadi. Bu, ayniqsa, geologiya sohasida mehnat qiladigan ishchilar faoliyatida kuzatiladi.
Ma’lumki, ruda konlarida foydali qazilmalar portlatish yo‘li bilan qazib olinadi. Portlash natijasida katta miqdorda chang ko‘tariladi. Bu changlardan nafas olganda, zararli moddalar inson o‘pkasida o‘tira boshlaydi. Vaqt o‘tishi bilan changlar o‘pkada yig‘iladi. Natijada kasb kasalligi – “Silikoz” (o‘pkada chang yig‘ilib tosh hosil bo‘lishi) kelib chiqadi.
Biz aynan mazkur kasallik kelib chiqishining oldini olish va inson salomatligiga changning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida portlatish oqibatida yuzaga keladigan chang va gazlarni lahmning o‘zida so‘ndirish yo‘lini o‘ylab topdik. Zararli chang miqdorini saqlash, kavjoyni ishga sifatli tayyorlash va ishchilar sog‘lig‘ini zararli omillardan himoyalash, ishchilarga xavfsiz mehnat sharoitini yaratish uchun siqilgan havo bosimi yordamida suvni zarralarga aylantirib, uni purkaydigan sun’iy tuman hosil qiluvchi injektor konstruksiyasini ishlab chiqdik.
Ushbu injektor suvni zarralarga aylantirib, purkaydi, sun’iy tuman hosil qilganda, ajralib chiqqan chang zarralari va suv bilan birikuvchi gazlarga shimiladi va og‘irligini oshiradi. Havoda og‘irlashgan chang zarralari va gazlar lahm devorlari hamda yerga cho‘kadi, natijada havo tozalanadi.
Texnik tavsif
Suv bosimi [kg/sm2] – 3-6
Suv sarfi [l /min] – 8-10
Siqilgan havo bosimi [kg/sm2] – 4-7
Siqilgan havo sarfi [m3 / min] – 2.5
Purkash kengligi [m] – 1-3
Purkash uzoqligi [m] – 10-15
Ishlab chiqilgan injektor konstruksiyasi 04.03.2021 yilda Qizil-olma konining 985 gorizont, 1g ruda tanasi, 10-ortda tajriba sifatida sinovdan o‘tkazildi.
Dastlabki namunalar olingach, injektor konstruksiyasi 10 daqiqa vaqt mobaynida ishlatildi. Tuman tarqashi 5 daqiqa kutilgandan so‘ng qayta namunalar olindi.
Injektor konstruksiyasi yana 10 daqiqa vaqt mobaynida ishlatildi va 5 daqiqadan so‘ng qayta namunalar olindi:
Albatta, tajriba mahalliy ventilyator o‘chiq holatda amalga oshirildi.
Muhimi, sun’iy tarzda oshirilgan namlik kon ishchilari sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi sababli injektor o‘chirilgandan so‘ng 10-15 daqiqa vaqt o‘tgach, ishchilarga kavjoyga kirishga ruxsat etiladi. 10-15 daqiqa vaqt mobaynida dastlabki harorat va namlik tiklanadi.
O‘tkazilgan tajriba natijalaridan ko‘rinib turibdiki, injektor yuzaga kelayotgan tuman gazlar miqdorini 20 daqiqada ruxsat etilgan chegaraviy miqdorgacha pasaytira oldi. Havo tarkibida qolgan gazlar mahalliy ventilyator orqali shamollatish yo‘li bilan tozalanadi.
Injektor yuzaga kelayotgan tuman, portlash natijasida ko‘tarilgan ko‘p miqdordagi changlarni yuqori darajada so‘ndirdi. Tozalash va tayyorlash ishlari olib borilayotgan ish joylarida kremniy miqdori (chang) 2 mg/m3 dan oshmasligi kerak. Portlash natijasida chang miqdori 60.2 mg/m3 ni tashkil etgan bo‘lsa, injektor 10 daqiqa ishlashi natijasida chang miqdori 11.6 mg/m3 (81 %)gacha kamaydi. Injektor yana 10 daqiqa vaqt mobaynida ishlatilganda, chang miqdori 1.7 mg/m3 (97 %) gacha kamayishi kuzatildi. Injektor 20 daqiqa ishlashi natijasida 97 % changni so‘ndirishga erishdi.
Injektordan foydalanilmaganda, lahmni shamollatish bilan kon havosi tarkibiga chegaraviy yo‘l qo‘yiladigan zararli chang miqdori (2 mg/m3)dan 30.1 barobar ko‘p bo‘lgan chang miqdori tarqaladi. Kon havosi tarkibiga tarqalib uchib yurgan changlar vaqt o‘tishi bilan kon ishchilari o‘pkasida to‘planib, silikoz kasalligi kelib chiqishiga olib keladi.
Sog‘lom va xavfsiz bo‘lmagan mehnat sharoiti oqibatida nafaqa yoshiga yetmagan ishchilarning mehnat layoqatini yo‘qotishi, kasb kasalligiga chalinishi achinarli holat.
O‘zbekiston Respublikasida xavfsiz va qulay mehnat sharoitida ishlash yuzasidan fuqarolarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasi bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Ushbu konstitutsiyaviy kafolatning amalda ro‘yobga chiqarilishiga qaratilgan aniq chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonun (1993 yil 6 may)da va boshqa bir qator qonunlar hamda qonunosti normativ hujjatlarida belgilangan. O‘zbekistonda Mehnat muhofazasi uchun katta moliyaviy mablag‘lar ajratiladi. Sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitida mehnat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining eng asosiy mehnat huquqlaridan biri hisoblanadi.
Mulkchilik shakli va xo‘jalik yuritish usulidan qat’i nazar, barcha korxona, muassasa, tashkilotlar o‘z xodimlari uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi, texnika xavfsizlik choralarini ko‘rishi, mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishi va boshqa tashkiliy texnik tadbirlarni amalga oshirishi shart.
Ulug‘bek Mahmudjonov,
Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv
otryad komandir yordamchisi