BelISА respublikamiz ilmiy tashkilotlari auditini oʼtkazadi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar boʼyicha davlat qoʼmitasi Ilmiy texnik-boʼlimi boshligʼi hamda Belarus Respublikasining «Belarus ilmiy-texnik sohani tizimli tahlili va axborot taʼminoti instituti (BelISА)” davlat muassasasi direktori boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

«Belarus ilmiy-texnik sohani tizimli tahlili va axborot taʼminoti instituti (BelISА)” davlat muassasasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikamizning barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini auditdan oʼtkazish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tender gʼolibi boʼlib, mazkur tashkilot bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolangan.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida»gi Farmoniga muvofiq, 2021 yilda barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda auditdan oʼtkazish yuzasidan tegishli topshiriq belgilangan. Bunday audit uch yilda bir marta oʼtkaziladi.

Xalqaro audit kompaniyasi ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini auditdan oʼtkazish talablariga koʼra respublikamizdagi 104 ta ilmiy tashkilotlarga bevosita tashrif buyurib, ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini chuqur oʼrganadi, tahlil qiladi va asoslangan xulosa ishlab chiqadi.

Buxoro viloyatida ilmiy tadqiqot ishlari koʼlami qanday?

Innovatsion rivojlanish vazirligi mutaxassislarining Buxoroga tashrifi davomida viloyatni ilm-fan va innovatsion ekotizimini tahlil qilish va istiqboldagi oʼsish nuqtalarini belgilash maqsadida vazirlik tomonidan OTMlarda amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari oʼrganildi.
Buxoro viloyatidagi 4 ta oliy taʼlim muassasalari tomonidan innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan 80,8 mlrd. soʼmga teng 113 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shundan 8,4 mlrd. soʼmlik 22 ta ilmiy tadqiqot loyihalari mavjud boʼlib, 10 ta loyihaga 1,8 mlrd. soʼm mablagʼ ajratilgan (586 mln. soʼmlik 5 ta fundamental, 900 mln. soʼmlik 4 ta amaliy va 375 mln. soʼmlik 1 ta innovatsion loyihalari) va 12 ta 6,5 mlrd. soʼmga teng ilmiy tadqiqot loyihalari bajarilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, 52 ta startap loyihalari 34,5 mlrd. soʼmga teng boʼlib, 1436 ta yangi ishchi oʼrni yaratish rejalashtirilgan va 39 ta tijoratlashtirishga tayyor loyihalar 37,8 mlrd. soʼmni tashkil qiladi.
Oliy taʼlim muassasalari kesimida quyidagicha:
Buxoro davlat universiteti tomonidan jami 23 ta 20,2 mlrd. soʼmlik loyihalar ishlab chiqilgan boʼlib, 3 ta 347 mln. soʼmga teng fundamental loyihalari va 2 ta 460 mln. soʼmga teng amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 7 ta 7,3 mlrd. soʼmlik startap loyihalari va 11 ta 12,1 mlrd. soʼmlik tijoratlashtirishga tayyor loyihalar ishlab chiqilgan.
Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan jami 49 ta 27,5 mlrd. soʼmlik loyihalar ishlab chiqilgan boʼlib, 7 ta 4,7 mlrd. soʼmga teng fundamental loyihalari va 1 ta 400 mln. soʼmga teng amaliy loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 33 ta 17,3 mlrd. soʼmlik startap loyihalari va 8 ta 5,1 mlrd. soʼmlik tijoratlashtirishga tayyor loyihalar ishlab chiqilgan.
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti tomonidan jami 29 ta 26,1 mlrd. soʼmlik loyihalar ishlab chiqilgan boʼlib, 1 ta 375 mln. soʼmlik innovatsion loyiha, 2 ta 239 mln. soʼmlik fundamental loyihalari va 2 ta 440 mln. soʼmga teng amaliy loyihalar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, 9 ta 8,7 mlrd. soʼmlik startap loyihalari va 15 ta 16,4 mlrd. soʼmlik tijoratlashtirishga tayyor loyihalar ishlab chiqilgan.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali tomonidan jami 12 ta 6,8 mlrd. soʼmlik loyihalar ishlab chiqilgan boʼlib, 2 ta 700 mln. soʼmlik innovatsion loyiha va 2 ta 750 mln. soʼmga teng amaliy loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 3 ta 1,2 mlrd. soʼmlik startap loyihalari va 5 ta 4,2 mlrd. soʼmlik tijoratlashtirishga tayyor loyihalar ishlab chiqilgan.
Ilmiy tadqiqot, startap va ishlanmalarni tijoratlashtirish natijasida chorva ozuqalari, texnik kraxmal, drenaj qurilmalari, tibbiy anjomlar, farmakologik vositalar, texnik asbob uskunalar, sanoat va qishloq xoʼjaligida qoʼllaniladigan mahsulotlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Buxoroda xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi

“Buxoroning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va undagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.
Islom Hamkorligi – IRCICA Xalqaro Tashkilotining Islom ta’lim, fan va madaniyat tuzilmasi – ICESCO shafe’ligida o‘tkazilgan bu nufuzli onlayn anjumanda xalqaro tashkilot Bosh direktori, doktor Salim Muhammad al-Malik, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi–IRCICA Xalqaro tashkiloti Bosh direktori, doktor Xalid Eren, Butunjahon musulmon ulamolari Kengashi raisining maslahatchisi, professor Nasr Orif, Marokash respublikasining Quarayni universiteti vitse-prezidenti doktor Idris al-Fassi, Marokash respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Islom ishlari boshqarmasi mudiri Hamid al-Ahmar, Albaniya Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi raisi, doktor Ramiz Mustafo Zakiy, Turkiya davlatining Anqara, Istanbul hamda Marmara universitetlarining fan doktorlari, professorlar Hasan Kurt, Murtazo Bedir, Nejdet Tosun, Aras Neftchi, Semix Jeyxan, Usmon Aydinli, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston respublikalari, qolaversa, yurtimizdagi qator oliy o‘quv yurtlarining vakillari ishtirok etdilar.
Videokonferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kirish so‘zi bilan ochib, ko‘hna va boqiy Buxoroning Islom dini rivojidagi o‘rni va mavqei, buyuk muhaddis Imom al Buxoriy hazratlari va boshqa yetuk namoyondalar ilmiy- ma’naviy merosi, ularning ahamiyati xususida to‘xtaldi.
“Buxoroning Islom sivilizatsiyasidagi o‘rni va unga qo‘shgan hissasi”, “Islom sivilizatsiyasida Buxoro ma’naviy merosi va uning hozirgi davrda chet ellik va mahalliy olimlar tomonidan o‘rganilishi muammolari”, “Markaziy Osiyoda Islom madaniyati va san’ati: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzularida ma’ruzalar tinglanib, muhokamalar bo‘ldi. Soha mutaxassislari, yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldilar.

Akademik: «Rutan boshqa interferon induktorlaridan farqli ravishda 3CL-proteaza fermentining faolligini susaytiradi”

Bioorganik kimyo institutida so‘nggi 20 yil mobaynida o‘simlik xomashyosidan dori preparatlari ishlab chiqarilib, ularning samaradorligi yuqori va nojo‘ya ta’sirga ega emas. Hozirda mazkur instiutut olimlari tomonidan Rutan, Getosan, Punitan, Euforbin, Megosin, Gozalidon, Mebavin, Ragosin va Rometin kabi 20 ta dori preparatlari yaratilib, ishlab chiqarishga joriy etilgan.
O‘tkir respirator virus infeksiyalarining aksariyat qo‘zg‘atuvchilari singari SARS-CoV-2 tojli virusi RNK-virus hisoblanadi. Shu bois Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqilib, A-N3N2 va H1N1 grippi, V grippi, inson immunitet tanqisligi virus va boshqa virus infeksiyalarini davolash uchun tibbiy amaliyotga tatbiq etilgan dori vositalari universal ishlab, SARS-CoV virusiga ham qarshi ishlashi mumkin deb taxmin qilinmoqda.
OAVda Rutanning koronavirusgani davolashda samarasiz degan fikrlarga Akademik salihov quyidagicha javob berdi:
– Ma’lumki, Rutan preparati avval O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligidan interferon induktori sifatida ro‘yxatdan o‘tib, dori vositasi sifatida tibbiy amaliyotda qo‘llanilib kelinayotgan edi, Lekin uning oxiriga vaqtlarda Xitoylik olimlar tomonidan koronavirusga in vitro (model laboratoriya sharoitida) tekshirish natijalari virusning rivojlanishiga javob beruvchi 3CL-proteaza fermentining faolligini ingibirlashini ko‘rsatdi. Demak bu boshlang‘ich natija bo‘lib, tayyor dori vositasi bo‘lgan Rutan preparatining ikkinchi funksiyasi hisoblanadi. Lekin bu laboratoriya sharoitida model test sistemadan olingan natijalarga ko‘ra koronavirusni davolashda potensial ahamiyatga ega bo‘lgani tufayli uni tibbiy amaliyotda sinab ko‘rish uchun berilgan. Demak Rutanni COVID-19 ga chalingan be’morlar orasidagi immun statusi faqat normaergik (o‘rtacha), yoki gipoergik (kuchsiz) javobga ega bo‘lgan patsiyentlarga berish mumkin. Shunda uning samarasi ko‘rinadi deb o‘ylayman. OAVda intervyu bergan mutaxassis Rutanning faqat immunostimulyator sifatida biladi, ya’ni uning instruksiyasiga ko‘ra. Uning ikkinchi, yangi xususiyatini esa bilmaydi.
Shunday qilib, Rutan koronavirus infeksiyasini bevosita davolamaydi. U immun tizimini ko‘taradi, boshqa dorilar bilan birgalikda sezilarli samara beradi. Koronavirus infeksiyasining oxirgi bosqichlarida bemorlarga qo‘llash mumkin emas. U dastlabki bosqichda yoki profilaktika maqsadlarida muvaffaqiyatli qo‘llaniladi.

Yoshlarga ta’lim berish platformasi — “TexnoBus” ishga tushirildi

Respublikamizning chekka hududlarida mamlakatimiz rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan sohalarga qiziquvchi yoshlarga ta’lim berishga mo‘ljallangan “TexnoBus” texnologik mobil ta’lim platformasiga start berildi.
“TexnoBus” ta’lim platformasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikaning har bir hududida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan Yoshlar texnoparkining asosini yaratish va unda faoliyat olib boruvchi iqtidorli yoshlar jamoasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. “TexnoBus” barcha qulayliklarga ega bo‘lib, kerakli zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘i, elektr toki generatori va akkumulyator orqali quvvat olish imkoniga ega «O‘zOtayo‘l» rusumli ta’lim avtobusi bir vaqtning o‘zida 12 nafar o‘quvchini o‘qitish imkoniga ega.
Innovatsion ta’lim platformasida yoshlarga quyidagi sohalar bo‘yicha ta’lim beriladi:
– robototexnika va elektronika;
– 3D prototiplashtirish;
– muqobil energiya manbalari;
– dasturlash;
– VR/AR va boshqa interaktiv yo‘nalishlar.

«Karantinda ochilgan iste’dodlar» tanlovi g‘oliblari taqdirlandi

11 sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida vazirlik huzuridagi “XXI asr texnologiyalari” ilmiy-texnikaviy, ma’naviy-ma’rifiy, ommabop jurnali tomonidan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida «Karantinda ochilgan iste’dodlar» shiori ostida e’lon qilingan tanlov g‘oliblariga mukofotlar topshirildi.
Tanlovda qatnashgan har bir ishtirokchiga “XXI asr texnologiyalari” jurnali tahririyati tomonidan esdalik sovg‘alari hamda sertifikat topshirildi.
Tanlov 15 avgustidan to 31 avgustiga qadar davom etgan bo‘lib, uni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda o‘rnatilgan karantin davri mobaynida yoshlarning qanday ishlar bilan mashg‘ulligini bilish edi. Tanlov shartiga ko‘ra, ishtirokchilar karantin davridan unumli foydalangan holda, biror-bir sport turi bilan shug‘ullanayotgani, qandaydir hunar o‘rganayotgani, rassomlik qobiliyatini namoyon etayotgani yoki qandaydir ixtiro ustida izlanayotgani aks etgan videolavha yoki surat jo‘natishi kerak edi. Tanlovda 5 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar qatnashishi belgilangan.
Belgilangan muddat davomida 200 ga yaqin qatnashchidan qiziqarli videolavha va suratlar keldi. Ular orasidan eng saralari tanlab olinib, “XXI asr texnologiyalari” kanaliga joylashtirib borildi. Har bir ishtirokchining mahoratiga baho bergan holda, ular #ixtirochi #rassom #foydali karantin #musiqachi #pazanda #sportchi #hunarmand kabi nominatsiyalarga ajratildi. Har bir videorolik va surat jurnal tahririyati xodimlari tomonidan sinchkovlik bilan kuzatildi va o‘rganildi.
Tadbir yakunida Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosi bo‘ylab sayohat uyushtiriladi.

Frensis Gyuri: “O’zbekiston innovatsiyalarini amalga oshirishda yordam beradi!”

Hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligida 16 ta fan yo‘nalishlari hamda Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash va Qurilish materiallarini o‘rganishga bag‘ishlangan Ilmiy-texnik kengash faoliyat yuritmoqda.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligidagi Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi majlisida Ilmiy texnik kengash tarkibining rotatsiyasi masalasi ko‘rib chiqildi. Majlisda ITK Raisi, Rais o‘rinbosari va Ilmiy kotibi saylandi. Bir ovozdan qabul qilingan ITK rahbariyati va tarkibi vazir buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Majlisda vazir I.Abdurahmonov Ilmiy-texnik kengash a’zolarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi barcha qonun hujjatlariga, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga to‘liq rioya qilishini kafolatlashi haqida Majburiyatnoma imzolashlari va har bir loyihani ekspertizadan o‘tkazishda shaffoflik, adolatlilikni ta’minlashlari zarurligi haqida alohida to‘xtaldi.
Majlisda startap loyihalariga vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlar, unga topshiriladigan loyihalarga qo‘yiladigan talablar, loyihalarning dastlabki texnik va moliyaviy ekspertizasi haqida batafsil tushuntirildi.

Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash rotatsiyasi amalga oshirildi

Hozirgi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligida 16 ta fan yo‘nalishlari hamda Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengash va Qurilish materiallarini o‘rganishga bag‘ishlangan Ilmiy-texnik kengash faoliyat yuritmoqda.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov raisligidagi Startap loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Ilmiy-texnik kengashning navbatdagi majlisida Ilmiy texnik kengash tarkibining rotatsiyasi masalasi ko‘rib chiqildi. Majlisda ITK Raisi, Rais o‘rinbosari va Ilmiy kotibi saylandi. Bir ovozdan qabul qilingan ITK rahbariyati va tarkibi vazir buyrug‘i bilan tasdiqlandi.
Majlisda vazir I.Abdurahmonov Ilmiy-texnik kengash a’zolarining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi barcha qonun hujjatlariga, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari talablariga to‘liq rioya qilishini kafolatlashi haqida Majburiyatnoma imzolashlari va har bir loyihani ekspertizadan o‘tkazishda shaffoflik, adolatlilikni ta’minlashlari zarurligi haqida alohida to‘xtaldi.
Majlisda startap loyihalariga vazirlik tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovlar, unga topshiriladigan loyihalarga qo‘yiladigan talablar, loyihalarning dastlabki texnik va moliyaviy ekspertizasi haqida batafsil tushuntirildi.

Tibbiyot fanlari yo‘nalishidagi tadqiqotlarga 52 mlrd so‘mli loyihalar tanlovi e’lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida kasalliklarni davolashning yangi samarador usullari va texnologiyalarini yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. O‘z navbatida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiy xizmat sifati va aholi salomatligi ko‘rsatkichlarini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muayyan muammolar yechimini ta’minlashga qaratilgan ilmiy loyihalar o‘ta dolzarbdir.
Shu maqsadda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida innovatsion hamda amaliy loyihalar tanlovining «Tibbiyot fanlari» yo‘nalishi bo‘yicha 32-turi e’lon qilindi. Mazkur tanlovda umumiy qiymati 52 mlrd so‘m bo‘lgan 25 ta tematik loyihalar portfeli ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi sifatida shakllantirildi. Tanlov tibbiyot sohasining dermatovenerologiya va kosmetologiya, xirurgiya va neyroxirurgiya, terapiya, tibbiy reabilitatsiya, travmatologiya va ortopediya, endokrinologiya, onkologiya, gematologiya, stomatologiya kabi yo‘nalishlaridagi dolzarb muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi va tanlov uchun loyihalar joriy yilning 31 oktyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Batafsil: https://mininnovation.uz/uz/competitions/2324

Hurmatli mualliflar!

Sizlarga “Ilm-fan va innovatsion rivojlanish” ilmiy jurnalining birinchi soniga maqolalar qabul qilish to’xtatilganligini ma’lum qilamiz. Shu sababli hozircha sizdan jurnal tahririyatiga maqolalar yubormasligingizni so’raymiz. Maqolalarning keyingi qabul qilish jaroyoni mart oyida e’lon qilinadi.

Olimlar ilmiy ishlanmalariga asoslangan ilmiy maqolalarini ilm.fan@inbox.ru elektron pochta manzili yoki +998 99 3739035 raqamiga Telegram messenjeri orqali yuborishlari mumkin.
Jurnalga yuborilgan ilmiy maqolalar jurnal talablariga qat’iy muvofiq ravishda yozilishi kerak.
Maqolalarni ko’rib chiqish muddati ular olingan kundan boshlab 15 kun.