“Buxoroning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi va undagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi onlayn formatda bo‘lib o‘tdi.
Islom Hamkorligi – IRCICA Xalqaro Tashkilotining Islom ta’lim, fan va madaniyat tuzilmasi – ICESCO shafe’ligida o‘tkazilgan bu nufuzli onlayn anjumanda xalqaro tashkilot Bosh direktori, doktor Salim Muhammad al-Malik, Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish markazi–IRCICA Xalqaro tashkiloti Bosh direktori, doktor Xalid Eren, Butunjahon musulmon ulamolari Kengashi raisining maslahatchisi, professor Nasr Orif, Marokash respublikasining Quarayni universiteti vitse-prezidenti doktor Idris al-Fassi, Marokash respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Islom ishlari boshqarmasi mudiri Hamid al-Ahmar, Albaniya Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi raisi, doktor Ramiz Mustafo Zakiy, Turkiya davlatining Anqara, Istanbul hamda Marmara universitetlarining fan doktorlari, professorlar Hasan Kurt, Murtazo Bedir, Nejdet Tosun, Aras Neftchi, Semix Jeyxan, Usmon Aydinli, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston va Qozog‘iston respublikalari, qolaversa, yurtimizdagi qator oliy o‘quv yurtlarining vakillari ishtirok etdilar.
Videokonferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov kirish so‘zi bilan ochib, ko‘hna va boqiy Buxoroning Islom dini rivojidagi o‘rni va mavqei, buyuk muhaddis Imom al Buxoriy hazratlari va boshqa yetuk namoyondalar ilmiy- ma’naviy merosi, ularning ahamiyati xususida to‘xtaldi.
“Buxoroning Islom sivilizatsiyasidagi o‘rni va unga qo‘shgan hissasi”, “Islom sivilizatsiyasida Buxoro ma’naviy merosi va uning hozirgi davrda chet ellik va mahalliy olimlar tomonidan o‘rganilishi muammolari”, “Markaziy Osiyoda Islom madaniyati va san’ati: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzularida ma’ruzalar tinglanib, muhokamalar bo‘ldi. Soha mutaxassislari, yosh olimlar o‘zlarini qiziqtirgan qator savollarga javob oldilar.