
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakili Matilda Dimovska bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Matilda Dimovskani Innovatsion vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov qabul qildi.
Uchrashuv davomida BMT Taraqqiyot Dasturi va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika vazirlik va idoralari vakillari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilayotgan «Orolbo‘yi – ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» Konsepsiyasi loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
M.Dimovska Orolbo‘yi muammolarini hal etish va ushbu hududni rivojlantirish BMT Taraqqiyot dasturi e’tiboridagi eng muhim masala ekanligini ta’kidlab o‘tdi va ushbu maqsad doirasida yana boshqa loyihalarni Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, tomonlar Innovatsion rivojlanish vazirligining kelgusi faoliyati konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqishda hamkorlik masalalariga to‘xtalib o‘tishdi.
Uchrashuvdan so‘ng M.Dimovska vazirlik yangi binosini ko‘zdan kechirib, yosh olim va tadqiqotchilar, startap kompaniya vakillari va vazirlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.