Madina Akramova isteʼdodli va yosh biotexnolog olimalarimizdan biri. U AQShning Fulbrayt dasturi finalisti. Bir qator xalqaro anjumanlar ishtirokchisi va ilmiy maqolalar muallifidir.

Suhbat davomida qahramonimizdan nega aynan biotexnologiya yoʻnalishini tanlagani va bu sohada faoliyat yuritishni istagan yoshlarga dastlabki qadamni qayerdan boshlash kerakligi boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar olishga muvaffaq bo‘ldik.

 

                     Hammasi maktab оlimpiadasidan boshlandi!

 

Boshlangʻich sinfda oʻqib yurganimda, “Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” fanlaridan dars oʻtilardi. Negadir shu fanlarga juda qiziqardim. Yuqori sinflarga o‘tganimda esa biologiya faniga mehr qoʻydim. Menga   uyimizda qatiq, kvas va tuzlangan karamning tayyorlanish jarayonini diqqat bilan kuzatish oʻzgacha zavq bagʻishlardi. Albatta, oʻsha paytlarda fermentatsiya jarayoni va probiotiklar nima ekanligini tushunmasdim.

Shukrki, ota-onam farzandlarining xohish va istaklariga juda eʼtiborli edi. Ular mendagi qiziqishni koʻrib, qoʻshimcha taʼlim kurslariga berishdi. U yerda birinchi bor mikroskopni koʻrdim va shaxmat oʻynashni oʻrgandim. Biroq oʻsha damlarda biologiya men uchun shunchaki oddiy qiziqish boʻlgandi, xolos. Ammo 6-sinfda oʻqib yurgan chogʻlarimda maktabda biologiya fanidan olimpiada oʻtkazildi. Olimpiada natijalari eʼlon qilinganda, gʻoliblar qatorida edim. Ana shundan so‘ng bu fanni mukammal oʻrganishga qat’iy kirishdim.

 

                                   Biotexnologiya sohasi oʻziga maftun qildi

 

Oʻzbekiston Milliy universitetiga oʻqishga kirgach, “Genetika” kafedrasida bitiruv malakaviy ishimni bajarishni rejalashtirdim. Ikkinchi kursda oʻqib yurgan kezlarimda probiotik bakteriya dorilarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Mega Farm Service” kompaniyasi laboratoriyasida stajyor boʻlib ishlash baxti nasib qildi. Amaliyot davomida mikrobiologiya va sanoat jarayonlariga qiziqishim uygʻondi.

Keyinchalik Genomika va bioinformatika markazida laborant sifatida ish boshladim. Faoliyatim davomida barcha qiziqishlarimni birgina biotexnologiyaga birlashtirishim mumkinligini tushundim. Sababi, ushbu sohada genetika va mikrobiologiya, shuningdek, boshqa fanlar bilan ham shugʻullanish imkoni mavjud.

Shunday qilib, “Biotexnologiya” kafedrasida yakuniy malakaviy ishimni bajarish uchun ariza topshirdim va oʻz ilmiy ishimni kolbasalarda genetik modifikatsiyalangan mahsulotlarni aniqlash usullariga bagʻishladim. Bu mening laboratoriya protokollarini optimallashtirish, tadqiqot rejasi tuzish va malakaviy ish yozish boʻyicha birinchi tajribam edi.

Shuningdek, Skolkovo fan va texnologiya institutida (Moskva, Rossiya) molekulyar biologiya boʻyicha “Bakteriyalar bilan ishlab chiqariladigan antibiotiklarni izlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy yozgi maktab ishtirokchisi boʻldim. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi qoshidagi “Biotexnologiya” va “Biofizika” yoʻnalishlari boʻyicha ikkita yozgi ilmiy maktabda “molekulyar biologiya” va “biotexnologiyalar” boʻyicha ham mahoratimni oshirdim.

 

                         AQShda malaka oshirib, Vatanimga qaytdim


           AQShdagi San Diyego davlat universitetining “C1 Biocatalysis Lab” laboratoriyasi eʼtiborimni tortdi, chunki bu laboratoriya faoliyati ekologiya va sanoat sohasidagi muayyan muammolarni hal qilishga qaratilgan edi. Metanotrof bakteriyalarning metilotroflar deb nomlangan guruhi boʻlib, ular metanni uglerod hamda energiyaning yagona manbayi sifatida qoʻllaydi va bu jihat ularni yetishtirish jarayonini ancha arzonlashtiradi. Shunday qilib, “C1 Biocatalysis Lab”ning asosiy vazifasiga atrof-muhitdan metan olish jarayonida metanotroflarning molekulyar mexanizmlarini oʻrganish edi. Bu esa, oʻz navbatida, global isishga qarshi kurashda ijobiy natija koʻrsatishi kerak edi. Bundan tashqari, laboratoriyada genetik jihatdan oʻzgartirilgan metanotrof bakteriyalardan turli oqsil mahsulotlari va yoqilgʻi olish ustida ham ilmiy tadqiqotlar olib borilib, ushbu mahsulotlar narxi pasayishiga erishish maqsad qilib olingandi.

Mening loyiham aynan genetik modifikatsiyalangan bakteriyalarni yaratish bosqichida amalga oshirildi. Buning sababi – atrof-muhitdan olingan metanotrofik bakteriyalar bizga kerakli mahsulotlarni sintez qilish uchun zarur boʻlgan maxsus genlarga ega emas. Ushbu genlarni bakterial plazmid asosida maxsus genetik konstruksiya (tuzilma)ga kiritish va metanotroflarga biz tomondan belgilagan mahsulotni sintez qilishga imkon beradigan “bakteriyalarning genetik transformatsiya” jarayonini amalga oshirish lozim. Muammo shundaki, barcha genetik tuzilmalar metanatroflarda teng darajada yaxshi ishlamaydi. Mening vazifam bakteriyalarning maʼlum tijorat shtammlarida eng yuqori samaradorlikka ega plazmidlar va bunda oqsilning kuzatilayotgan ekspressiyasini aniqlashdan iborat edi. Bu mening bioinformatika, tajriba dizayni va maʼlumotlarni tahlil qilish koʻnikmalarimni yaxshilaydigan juda qiziqarli loyiha edi.

 

                Fulbrayt dasturining finalistiga aylandim!

 

Fulbrayt AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan taʼlim granti dasturidir. Dastur AQSh fuqarolari va boshqa mamlakat fuqarolari oʻrtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga moʻljallangan. Dasturning mohiyati AQSh universitetlarida akademik daraja (magistratura, doktorantura) yoki dastur boʻyicha taklif etilgan olimlarning 1 yil davomida ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishiga yo‘naltirilgan.

Talabalik davrining ilk onlaridanoq xalqaro toifadagi mutaxassis boʻlishga intildim. Buning uchun xalqaro taʼlim va ish tajribasiga ega boʻlishga qaror qildim. Fulbrayt dasturi aynan men uchun yaxshi imkoniyat boʻldi! Dasturda qatnashish uchun oʻz hujjatlarimni topshirib, butun kuchimni finalistlar qatoridan joy olishga sarfladim. Kerakli maʼlumotlarni AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi saytidan topdim. Shuningdek, oʻtgan yilgi ushbu dastur finalistlari va mutaxassislarning shaxsiy sahifalarini ham kuzatdim. Ularning ariza topshirish boʻyicha maslahatlariga amal qildim.

Umuman olganda, Fulbrayt dasturiga tanlov jarayoni uch bosqichdan iborat: 1) hujjatlarni taqdim etish (diplom, ragʻbatlantirish xatlari, tavsiyanomalar); 2) Maxsus komissiya bilan intervyu, yaʼni elchixona xodimlari va Fulbraytning oldingi finalistlari bilan; 3) Xalqaro imtihon GRE (umumiy yoki mavzu boʻyicha), TOEFL. Shuningdek, tanlangan mutaxassislik boʻyicha GMAT imtihonidan oʻtish talab etiladi. Shuni aytish joizki, dasturda ishtirok etish istagidagilar koʻp. Raqobat juda katta. Lekin sizda kuchli motivatsiya, sabr-toqat, ijtimoiy va nashriy faollik boʻlsa, Fulbrayt dasturi finalchisi boʻlishingiz aniq.

 

                   Biotexnologiyaning istiqbollari va mening faoliyatim!

 

Menimcha, biotexnologiya mamlakat taraqqiyotiga sanoat, ekologiya, aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi jihatidan ham katta taʼsir koʻrsatadi. Aynan biotexnologiya genetik va yuqumli kasalliklarni aniq tashxislash, oziq-ovqat mahsulotlari ifloslanishini tahlil qilish uchun zarur manbalar bilan taʼminlashda asqatadi. Shuningdek, biotexnologik va farmatsevtik kompaniyalarning paydo boʻlishi koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish va import oʻrnini bosishga yordam beradi. Mamlakatimizda iqtisodiyot rivojiga katta hissa qoʻshadi.

«ROSSA» Oʻzbekiston Respublikasi hududida biotexnologik mahsulotlar yaratish boʻyicha yirik ilmiy ishlab chiqarish kompaniyadir. Ushbu kompaniyada biz uy hayvonlarida yuqumli kasalliklar, oziq-ovqat mahsulotlarida GMO mavjudligini aniqlaydigan va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shugʻullanamiz. Shuningdek, bu yerda SARS-CoV-2 koronavirus infeksiyasini aniqlashda diagnostik toʻplamlar ham ishlab chiqariladi.

Men hujayralar texnologiyasi boʻlimida faoliyat yuritaman. Bu yoʻnalishda regenerativ tibbiyot boʻyicha izlanishlar olib borish rejalashtirilgan. Jumladan, estetik tibbiyot, artroz va parodontoz kasalliklarini davolash borasida ilk qadamlar qoʻyilmoqda.

V ramke: Ochigʻi, AQShda magistraturani tamomlagach, oʻz yurtimda biotibbiyot, biotexnologiya sohalarini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan baxtiyorman!

                              Biotexnolog boʻlaman desangiz…

 

Biotexnologiya sanoat bilan chambarchas bogʻliq. Shu sababli ushbu sohani puxta egallashni maqsad qilgan yoshlarga turli startap (start-up) akselerator hamda bu borada taʼlim beradigan tadbirlarda (workshop) qatnashishni maslahat bergan boʻlardim. Bundan tashqari, sohaga oid ixtisoslashgan saytlar hamda mahalliy va xalqaro stajirovkalar haqida maʼlumotlar qidirish, yangiliklardan xabardor boʻlib borishni tavsiya qilaman. Qolaversa, zamonaviy biotexnologiya sohasida roʻy berayotgan yutuqlar haqida koʻproq maʼlumotlar oʻqishga intiling. Bu sizga aynan qaysi yoʻnalishni tanlash va oʻzingizga yaqin sohani aniqlashda yordam beradi.

Ilmiy jurnallardan tashqari https://itaintmagic.riken.jp/ va https://biomolecula.ru/ kabi ilm-fanni ommalashtirishga qaratilgan onlayn platformalarni kuzatib borishni odatga aylantiring. Bunday platformalar biotexnologiya sohasida tahsil olayotgan 1-2 bosqich talabalari uchun juda qoʻl keladi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, ilmiy maʼlumotlarni tahlil qila olish uchun dasturlashni oʻrganishingizni tavsiya qilgan boʻlardim. Yangi ishlanmalar bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yaxshi tadqiqotchi va biotexnolog hozirda hech boʻlmaganda “Python” va “R” kabi dasturlash asoslarini bilishi kerak. Eng muhimi, hayotingizda yangi narsalarni sinab koʻrishdan aslo qoʻrqmang!

 

Hilola Saloyeva,

«Ilm fan va innovatsion rivojlanish»

ilmiy jurnali bosh muharriri