
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov Belarus Respublikasi Fan va texnologiyalar boʼyicha davlat qoʼmitasi Ilmiy texnik-boʼlimi boshligʼi hamda Belarus Respublikasining «Belarus ilmiy-texnik sohani tizimli tahlili va axborot taʼminoti instituti (BelISА)” davlat muassasasi direktori boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
«Belarus ilmiy-texnik sohani tizimli tahlili va axborot taʼminoti instituti (BelISА)” davlat muassasasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublikamizning barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini auditdan oʼtkazish maqsadida tashkil etilgan xalqaro tender gʼolibi boʼlib, mazkur tashkilot bilan belgilangan tartibda shartnoma imzolangan.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʼgʼrisida»gi Farmoniga muvofiq, 2021 yilda barcha davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini xalqaro mustaqil ekspert kompaniyalarini jalb etgan holda auditdan oʼtkazish yuzasidan tegishli topshiriq belgilangan. Bunday audit uch yilda bir marta oʼtkaziladi.
Xalqaro audit kompaniyasi ilmiy tashkilotlarining ilmiy-innovatsion faoliyatini auditdan oʼtkazish talablariga koʼra respublikamizdagi 104 ta ilmiy tashkilotlarga bevosita tashrif buyurib, ularning ilmiy-innovatsion faoliyatini chuqur oʼrganadi, tahlil qiladi va asoslangan xulosa ishlab chiqadi.