
Bugungi kunda yurtimizda ko‘plab sohalar qatori zoologiya sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, respublikamiz faunasini o‘rganish borasida olib borilayotgan ishlar, turli zararkunanda hasharotlar, jumladan, termitlar va ularning zararlariga qarshi kurashish borasida qilinayotgan tadqiqotlar alohida diqqatga sazovor. Biz mazkur sohadagi yangiliklar, o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlar, shu bilan birga, sohaning bugungi va istiqboldagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Zoologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori Baxtiyor Xolmatov bilan suhbat uyushtirdik.
– Nazarimda, yurtimizda zoologiya fani u qadar ommalashmagan. Ushbu soha vakillariga esa talab kamday. Aynan zoologiya fanini tanlashingizga nima turtki bo‘lgan?
– Zoologiya fani inson hayoti bilan chambarchas bog‘liqdir. Aksincha, bu soha vakillariga talab juda yuqori. Biroq ta’lim jarayonidan boshlab ilmiy tadqiqot yo‘nalishi va ishlab chiqarish jarayonida zoologiya sohasidagi mutaxassislar yetishmasligi kuzatiladi. O‘z navbatida, buni oldimizda turgan qator dolzarb masalalar bilan izohlash mumkin.
Yoshligimdan tabiiy fanlarga katta qiziqish bilan qarardim. Oliygohda o‘qib yurgan chog‘larimda olimlar bilan seminarlar bo‘lib turardi. Bir kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti professori A.Sh. Xamrayevning ilmiy tadqiqot ishlari yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. Bu ilmiy uchrashuv menda katta taassurot qoldirdi. Shu kundan e’tiboran Zoologiya fanining Entomologiya yo‘nalishida tadqiqot olib borishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Professor A.Sh. Xamrayev rahbarligida magistratura va aspirantura bosqichida zararkunanda hasharotlar, aynan termitlardan yog‘och materiallarini himoya qilish texnologiyasining ilmiy asoslarini yaratib, uni aholi turar joylari, strategik ahamiyatga ega binolar va tarixiy obidalarga joriy qilish ishlarini amalga oshirdim. Keyinchalik Zoologiya instituti kichik ilmiy xodimi sifatida faoliyatimni davom ettirdim.
– Zoologiya fanining zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni haqida to‘xtalsangiz. Doimiy iqlim o‘zgarishi sharoitida bu qay darajada muhim?
– Zoologiya fani, ya’ni hayvonot dunyosi bioxilma-xillikning bir qismi sifatida muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda fan-texnika taraqqiyoti zoologiya fani oldiga qator vazifalarni qo‘ymoqda. Bular hayvonot olamining xilma-xilligi va tarixiy taraqqiyoti, hayvonlarning tuzilishi, hayot kechirishi, tarqalishi, rivojlanishi, shuningdek, ularning yashash muhiti bilan munosabatlari, fanga ma’lum bo‘lmagan turlarini o‘rganish, kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini saqlab qolish hamda muhofaza choralarini ishlab chiqishdan iboratdir. Molekulyar genetik tadqiqotlar rivojlanishi bugunga qadar morfologik jihatdan o‘zaro bir-biriga o‘xshash turlarni tadqiq qilish orqali fan uchun yangi turlarni kashf qilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi hayvonot dunyosining yashash tarziga ta’sir etuvchi asosiy omillardan sanaladi. Birgina haroratning ko‘tarilishi har bir tur uchun ko‘proq salbiy ta’sir etib, ularning biologiyasi yashash joylari, zichligi va hayot tarziga ta’sir etishi pirovard natijada turning kamayishi va yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Ayniqsa, hasharotlarda foydali harorat yig‘indisining tez yig‘ilishi turning ko‘payib rivojlanishiga ta’siri natijasida ozuqa yetishmovchiligi kelib chiqadi. Tabiiy ekotizimdagi ozuqa zanjiriga bo‘lgan ta’siri orqali muvozanat buziladi. Bu esa, o‘z navbatida, bioxilma xillikni kamaytirib, ekologik vaziyatni yanada yomonlashtiradi. Aksariyat turlarning ko‘payish samaradorligi pasayadi yoki butunlay yo‘q bo‘lib ketadi.
– Ishingizning eng qiziqarli jihati nimada?
– Kasbiy faoliyatimning qiziqarli tomoni shundaki, erta bahordan tabiat uyg‘onishi bilan hasharotlarning vegetatsion rivojlanish davri boshlanadi. Havo haroratining keskin pasayishiga qadar hasharotlar bioxilma-xilligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ishlarini olib boraman. Albatta, bu tadqiqotlar tabiiy sharoitlarda, ya’ni cho‘l tekisliklaridan boshlab tog‘li hududlarda amalga oshirilishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi va bu kasbiy faoliyatimga yanada ilhom bag‘ishlaydi.
– Yurtimizda fanning istiqboli qanday? Sohangizning qanchalik foydali va ahamiyatli tomonlari bor?
– O‘zbekistonda ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha oxirgi uch yilda juda katta ishlar amalga oshirildi. Buning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktyabrdagi PF-6097-sonli “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni yurtimizda ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarishga asos bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi farmon bilan tasdiqlangan Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar, ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash, yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ilm-fanni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi masalalarning aniq mexanizmlari ishlab chiqilgan.
Zoologiya sohasi respublikada hayvonot dunyosini muhofaza qilish bo‘yicha muhim ahamiyatga ega bo‘lib, mavjud bo‘lgan hayvonot dunyosini kelajak avlodga yetkazish va resurslaridan oqilona foydalanish orqali iqtisodiyot hamda ekoturizmni rivojlantirishga salmoqli darajada xizmat qiladi.
– “O‘zbekiston g‘o‘za-beda agrobiotsenozlarida qandalalar (Hemiptera: Miridae) populyatsiyasi holatini baholash va ular sonini boshqarish usullarini ishlab chiqish” mavzusida amaliy tadqiqot loyihasi olib borgan ekansiz. Tadqiqot natijalarining muhim taraflariga batafsilroq to‘xtalsangiz.
– 2015-2017 yillar davomida O‘zbekistonning turli viloyatlarida, asosan, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari xo‘jaliklarida beda va g‘o‘za agrobiotsenozida Miridae oilasiga mansub qandalalarning 22 turi aniqlandi. Ulardan 3 ta tur dominant, ya’ni Adelphocoris lineolatus, Ligus pratensis va Creontiades pallidus hisoblanadi. Surxondaryo va qisman Qashqadaryo viloyatlarida so‘qir qandalalarning Creontiades pallidus turi ilk bor uchraganligi va g‘o‘zaga jiddiy ravishda zarar yetkazganligini tadqiq etdik. Baxtimizga bu tur qandalaning boshqa viloyatlarda uchramaganligi qayd etildi.
Miridae oilasi qandalalarining beda va ko‘p yillik o‘t o‘simliklar poyalarida qishlashi, o‘simliklarning rivojlanish fazalari, qandalalarning tuxum va embrional davriga ta’siri o‘rganildi. Miridae oilasi qandalalarining respublikaning turli hududlarida qishlagan tuxumlardan lichinkalar ochib chiqishi o‘simliklarning o‘sish tezligi, tuproq qatlamining kuchli qizishi va nisbiy namligining pasayishi bilan bog‘liqligi o‘rganildi.
Toshkent viloyati sharoitida dala qandalasining g‘o‘za formatsiyalarida taqsimlanishi va g‘o‘za tupining o‘rta formatsiyasida qandalalar tuxum qo‘yishi uchun qulay ekanligi aniqlandi. Miridae oilasiga mansub qandalalarning 11 ta oilaga mansub 29 ta tur o‘simliklar bilan trofik aloqalari o‘rganib chiqildi
G‘o‘za agrobiotsenozida beda (Adelphosoris lineolatus Goeze) va g‘o‘za (Creontiades pallidus Rambur) qandalalari doimo birga uchraganligini hisobga olib, bog‘chalarga bu qandalalar turli nisbatlarda qo‘yilib, g‘o‘zaga keltiradigan zarari o‘rganildi va 1:3 nisbatda qo‘yilganda, hosildorlikka (60%) sezilarli darajada zarar yetkazishi aniqlandi. G‘o‘za va bedaga zarar keltirayotgan Ligus avlodiga mansub qandalalarga qarshi Toshkent va Surxondaryo viloyatlari fermer xo‘jaliklarida yangi kimyoviy preparatlar (A-rate 5% k.e. i A-rell-D 55% k.e., Coral 10% v.r., Imidakloprid 350 g/l k.s., Ximidor 60% k.s., Entolucho 20% k.s.)ning dala sharoitida sinovi o‘tkazildi. Ushbu preparatlarning biologik samaradorligi 74,9 dan -87,1 %gachani tashkil etib, iqtisodiy samaradorlik mezonidan yuqori bo‘lishi aniqlandi. Olingan natijalar asosida “G‘o‘za agrobiotsenozida zararli qandalalarning sonini boshqarish” mavzusida tavsiyanoma tayyorlandi.
– 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan PZ-20170927149 sonli “Anacanthotermes avlodi termitlariga qarshi yangi “Antitermit” yem-xo‘ragi va kurash usullarini ishlab chiqish” amaliy tadqiqot loyihasiga rahbarlik qilib kelmoqdasiz. “Antitermit” o‘zi nima? U qanday maqsadlarda qo‘llaniladi?
– Respublikamizdagi aholi turar joylari, tabiiy va tarixiy obidalar, inshootlar va ochiq maydonlarda termitlarning tarqalishi, zararli faoliyati yuzasidan monitoring ishlari olib borildi. 4748 ta koordinatalar belgilandi. Google.earth va ArcGIS dasturi asosida GAT xaritasiga kiritildi.
Yangi avlod “Antitermit” yem-xo‘ragining yangi shakldagi konstruksiyasi ishlanib, modernizatsiya qilindi. Shuningdek, termitlarning tabiiy tarqalgan joylarida, aholi turar joy inshootlarida mutlaqo yangi kurash vositasi sifatida yuqori biologik samaradorlik kuzatildi. “Antitermit” yem-xo‘ragini tashish ishlari va qadoqlash materiallarini takomillashtirish, termitlarga qarshi kurash tizimiga joriylashtirish va ishlab chiqarish maqsadida “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi konstruktorlik-texnologik markazi”ga ushbu yem-xo‘rakni ishlab chiqarish uskunasini yaratishga buyurtma berildi.
– “Janubiy O‘zbekiston to‘g‘riqanotsimon (Insecta: Orthopteroidea) hasharotlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, biologiya fanlari doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganligingiz haqida o‘qidim. Doktorlik ishingizning innovatsion jihatlari nimada?
– Doktorlik dissertatsiya ishimning innovatsion jihati, asosan, olingan ma’lumotlarni raqamlashtirishga qaratilgan bo‘lib, shu asosda Janubiy O‘zbekiston to‘g‘riqanotsimon hasharotlarning 7 turkum 18 oilasiga mansub 121 turlarni o‘z ichiga olgan tadqiqot ob’ektlari bo‘yicha axborotlarni saqlovchi, qidiruvchi va hisobotlarni tayyorlovchi funksiyalarni jamlagan “Orthoptera info” ma’lumotlar bazasi yaratildi. Yaratilgan “OrthopteraInfo” ma’lumotlar bazasi janubiy O‘zbekiston to‘g‘riqanotsimon hasharotlari to‘g‘risida ma’lumotlar taqdim etish uchun mo‘ljallangan. Ma’lumotlar elektron bazasida har bir hasharot turining tasnifi, xo‘jalikdagi ahamiyati, turining kollektori, tarqalish areali, hayotiy shakli, identifikatsiya tartib raqami, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan turlar ro‘yxati va turlarning fotosuratlari aks ettirilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan. Ma’lumotlar bazasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan mualliflik guvohnomasi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga foydalanish uchun taqdim etildi.
– Zoologiya fanini rivojlantirishda xalqaro munosabatlarni ham yo‘lga qo‘ygansiz. Ayni damda ular bilan hamkorlikda qanday ishlarni amalga oshiryapsiz?
– Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari bilan Xitoy Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari o‘rtasida Zoologiya ilm-fani sohasida hamkorlikning yangi bosqichi yo‘lga qo‘yildi.
Institut olim va mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish yuzasidan qator ikki tomonlama tashriflar amalga oshirilib, hamkorlikda memorandum imzolandi.
O‘zR FA Zoologiya institutining 3 nafar yosh olimlari CAS-TWAS dasturi doirasida PhD dissertatsiya ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
Shuningdek, hamkorlikning yorqin namunasi sifatida O‘zbekiston qo‘riqxonalari entomofaunasini o‘rganish yuzasidan ekspeditsiyalar tashkil etilib, ilmiy tadqiqot natijalari yuzasidan xamkorlikda «INSECTS AND SPIDERS IN UZBEKISTAN» monografiyasi chop etildi.
Asosiy maqsadimiz:
Bioxilma-xillikni o‘rganish, hayvonot dunyosi monitoringini yuritish, zararkunanda hasharotlar sonini nazorat qilish;
Markaziy Osiyoda hasharotlar faunasini o‘rganish va ularning ma’lumotlar bazasini yaratish;
Hasharot turlarini molekulyar-genetik (DNK shtrix kodirovaniya-Barkoding) tahlil qilish;
Hamkorlikda konferensiya, simpozium va seminarlar tashkil etish hamda olingan natijalarni muhokama qilish va chop etish.
Bundan tashqari, kakra o‘simligi 130 yil oldin Amerika qit’asiga tasodifan tushib qolgan va unga qarshi kurash bu qit’ada katta muammo tug‘dirmoqda. Shveysariya CABI Bioscience markazi bilan hamkorlikda kakra zaharli o‘simligiga qarshi biologik agentlar gerbifaglari (tabiiy kushandalari) yordamida kurash usullarini ishlab chiqishga qaratilgan tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
– Hozirgi kunda Zoologiya institutida qanday ilmiy ishlar qilinmoqda?
– Bugungi kunda Zoologiya institutida quyidagi yo‘nalishlarda tadqiqot ishlari olib borilmoqda:
respublika faunasini kompleks tarzda o‘rganish, hayvonot dunyosi ob’ektlarining zamonaviy holatini baholash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
alohida ahamiyatga ega bo‘lgan zoologik hududlarni aniqlash, hayvonot dunyosining noyob va endem turlarini saqlashning ilmiy asoslarini ishlab chiqish;
respublika faunasining milliy axborot-tahliliy ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish va yuritish, yovvoyi hayvonlarning kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlari bo‘yicha davlat kadastri, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobi va hayvonot dunyosi monitoringini yuritish;
zararkunandalar, parazitlar va inshootlar biozararkunandalari sonini nazorat qilishning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish;
suv ekotizimlari va gidrobiontlar ekologiyasini o‘rganish, respublikada baliq resurslari genofondini baholash va monitoring qilish.
– Kelgusidagi rejalaringiz qanday?
– O‘z oldimga 2 ta muhim maqsadni qo‘yganman: birinchisi – O‘zbekiston hasharotlar faunasiga oid ko‘p jildli monografiya chop etish va yuqori malakali entomolog mutaxassislarni tayyorlash bo‘lsa, ikkinchisi – zararkunanda hasharotlarga qarshi ekologik toza biologik kurash vositasini yaratish orqali yurtimizning yanada ravnaq topishiga oz bo‘lsa-da o‘z hissamni qo‘shish.
Ma’lumotnoma: Baxtiyor Xolmatov 1984 yili Namangan viloyati Chortoq tumanida tug‘ilgan. Toshkent viloyati davlat pedagogika instituti 2001–2005 yillarda bakalavr, 2005–2007 yillarda magistratura bosqichida tahsil olgan. Keyinchalik Zoologiya instituti aspirantura bosqichini tamomlagan. 2011 yilda nomzodlik, 2019 yilda esa doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti direktori. 35 yoshida biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
Sevara Abdullayeva suhbatlashdi.