1 mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimidagi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan «Innovatsion menejment» o‘quv kursi tashkil etildi va darslar ikki oy davomida haftada besh marotaba uch soatdan o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. O‘quv kursi Almati Menejment universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilishi belgilangan. O‘tgan hafta mobaynida ushbu dastur yuzasidan mahoratli o‘qituvchi Ivan Kondrashov tomonidan mavzu yuzasidan treninglar o‘tkazildi.
Darslar qanday o‘tkazilishini kuzatish va innovatsion menedjment sohasida o‘z bilimlarimni oshirish maqsadida o‘quv kursiga qatnashdim. O‘qituvchi har bir ma’lumotni amalda qanday qo‘llash yuzasidan turli xil misollar keltirdi va bilimlarni mustahkamlash uchun dars qatnashchilariga vazifalar berdi. Aytaylik, siz qandaydir muammoga duch keldingiz, nimani his qilasiz, eshitasiz yoki ko‘rasiz? Dastlab, har bir savollarga o‘qituvchi o‘z faoliyatida ro‘y bergan voqealar misolida namunalar keltirib o‘tdi. Shu tariqa to‘qnash kelgan muammolardan asosan kimlar aziyat chekishi mumkinligini aniq ko‘rsating, deya dars qatnashchilariga qiziqarli hamda mas’uliyatli mashg‘ulotni topshirdi. Har bir muammo va uning yechimini klastr usulida ko‘rsatib berishimiz kerak edi. Kurs qatnashchilari besh kishidan iborat jamoalarga bo‘linishdi.
Aksariyat hollarda, kundalik turmush tarzimizda qandaydir muammolar bizning tinchligimizni buzishi va kayfiyatimizga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Deylik, har kuni bosib o‘tadigan yo‘llarimizni ta’mir talab bo‘lishi jig‘imizga tegishi aniq. Yuzaga keladigan noqulaylikdan, albatta, xalq jabr ko‘rishi tabiiy. Afsuski, ko‘pincha bu kabi nohush vaziyatlarni bartaraf etish esa hayolimizga kelmaydi.
Qiziqarli vazifa barchamizni chuqur o‘ylantirib qo‘ydi. Muammo va uning yechimini o‘ylab topish uchun atiga 15 daqiqa vaqt berilgandi, xolos.
Jamoa bilan faoliyatimiz davomida kuzatilayotgan tushunmovchiliklar va qiyin vaziyatlar haqida ko‘p bahslashdik, oxir-oqibat Innovatsion rivojlanish vazirligida “Call markaz” ochish taklifi bilan chiqdik. Negaki Innovatsion rivojlanish vazirligida turli xil tashkilotlar faoliyat yuritishi ma’lum. Ko‘p insonlar o‘z murojaati bilan aynan qaysi bo‘limiga borishlarini va qanday shaklda loyihalarini taqdim etishlarini bilishmay qiynalishadi. O‘zlariga kerakli savollarga javob olish uchun ham vaqtini, ham yo‘lkira harajatlarini sarflashiga to‘g‘ri keladi.
“Call markaz” har bir insonning murojaatiga qarab, ularni kerakli bo‘limlarga yo‘naltirishni inobatga oldik. Shuningdek, haftaning har bir kunida boshqarma boshliqlari yoki ularning yordamchilari tomonidan fuqarolar o‘rtasida ma’lum muddat aloqa o‘rnatish vaqti belgilanishi ham yaxshi natijalar olib kelishi mumkin. Har bir rejadagi ko‘rsatmalar markaz xodimlari tomonidan nazorat qilinishi kerak, degan xulosaga kelindi.
O‘quv kursiga qatnashgan vazirlik xodimlari belgilangan vaqt mobaynida shu dastur bo‘yicha innovatsion menedjmentni hayotga tatbiq etish hamda innovatsion fikrlash bo‘yicha bilimlarini ma’lum ma’noda oshirishga muvafaq bo‘lishdi, deydi Ivan Kondrashov.
Innovatsiya birgina g‘oyaning orqasidan paydo bo‘lishini bilamiz. Keyinchalik dunyoga kelgan g‘oya yon-atofni, umuman, olamni o‘zgartirishga qodir bo‘ladi. Bu degani insonlarning turmush tarzi, texnologiyalarni hamda iqtisodiyotni ham o‘sishi va rivojlanishida katta omildir. Aynan mazkur bizning kursning mazmun-mohiyati ham shundan iborat.
Talabalar darslarga juda faol qatnashishdi. Shuningdek, har bir mavzu doirasida berilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishdi. Keyin esa o‘zlarining natijalarini ko‘rsatishdi. O‘ylaymanki, kelajakda o‘zlarining innovatsion loyihlarida bunday treninglarda olgan bilimlarini qo‘llaydilar.
Agar baxtli insonning hayotiga zimdan nazar solsangiz, u o‘z atrofidagi narsalarga ahamiyat bermaydi. Natijada uning hayotida hech qanday rivojlanish bo‘lmaydi, hisob. Rivojlanish qachon boshlanadi? Qachonki muammolar yo‘lingizga to‘g‘anoq bo‘lsa. Noroziliklar va nohush holatlar insonning tinchini buzadi. U o‘zini baxtli qilish yo‘llarini izlashga tushadi. O‘zining xavfsizligini o‘ylaydi. Agar biz bularning barchasini ko‘rib va innovatsion tahlil qiladigan bo‘lsak, yangi g‘oya va fikr tug‘ilishi turgan gap. Yangiliklarga esa asosan, qiyin shart-sharoitlar turtki bo‘ladi. Hayotda insonni ko‘proq o‘ylantiradigan majbur qiladigan qiyinchiliklarga duch kelgan turli xil kasb egalari orasidan aynan kashfiyotchilar va innovatorlar dunyoga keladi, deb o‘ylayman.
Sevara ABDULLAYEVA