O‘zingizdan qolar gap yo‘q: Sarvari olam Odamni jamiki mahluqotlar ichra eng azizu eng mukarram qilib yaratdi. So‘nra uni o‘zining yerdagi xalifasi qilib tayin etdi.
Inson zoti esa aqlini tanigani hamono hamma narsani o‘z izmiga bo‘ysundirish harakatiga tushdi. Chunonchi, qanday bo‘lmasin, vaqtini tejash, uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish payida bo‘ldi. Shu maqsadda debochasiga hayvonlarni qo‘lga o‘rgatdi. Tuya, ot, eshak, fil, bug‘u, ho‘kiz, hatto, itdan ham beminnat ishchi kuchi, jonli ulov sifatida foydalana boshladi. Mazkur jarayon asrlar osha davom etdi. Bora-bora bu ham odamzotni qanoatlantirmay qo‘ydi. U o‘ylana-o‘ylana, izlana-izlana, axiyri g‘ildirakni kashf etdi.
   Qarangki, inson aql-idrokining mahsuli hisoblanmish ushbu ixtiro vaqti-soati kelib, juda katta ish berdi. Yanayam aniqrog‘i, sizu biz bugungi kunda har soat, har daqiqa xizmatiga ehtiyoj sezadigan avtomobillarning yaratilishiga asos bo‘ldi.
Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, g‘ildirak dastlab eramizdan oldingi XV-XIV asrlarda Misrda ixtiro qilingan. Ko‘p o‘tmay, ikki g‘ildirak bir o‘qqa birlashtirilib, ustiga taxta o‘rnatilgan. Qarabsizki, og‘ir yuklarni tashishda asqotadigan dastlabki aravalar paydo bo‘lgan. Eramizning XV asriga kelib, ularning o‘rnini to‘rt g‘ildiraklilari egallagan. Shu asno, hozirgi til bilan aytganda, avtobus yoki taksi vazifsini o‘tovchi yo‘lovchilar tashish transporti — foytunlar ishlab chiqarila boshlangan.
Keyinchalik savdo-sotiqning rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlari tayyorlashning jadal taraqqiy etishi, odamlararo aloqalarning kengayishi arava va foytunlarni o‘ziyurar temir ulovlarga almashtirishni taqozo etdi. Bunday g‘oyalar uzoq o‘tmishda yashab o‘tgan ixtirochilarga ham tinchlik bermagan. Masalan, Jovanni Brank ism-sharifli olim 1629 yili bug‘ turbinalariga bag‘ishlab yozgan risolasida eramizdan avvalgi VIII asrda Xitoyda allanechuk “otash arvalar” mavjud bo‘lganini eslatgan. Bu ma’lumot belgiyalik rohib Ferdinand Verbeni g‘oyat qiziqtirib qo‘yadi. U uzoq vaqt olamshumul yangilik yaratish ustida ish olib boradi. Nihoyat, 1668 yili dunyodagi birinchi avtomobilni yaratadi. Bu bug‘ yordamida yuradigan mashina edi.

* * *
Fransiyalik Nikolya-Jozef Kono ham avtomobilsozlik poydevoriga ilk g‘isht qo‘ygan muhandislardan. Uning loyihasi bo‘yicha Parij qurol-yarog‘ ustaxonasida yasalgan avtomobil aslida harbiy maqsadlarga mo‘ljallab ishlab chiqarilgan. Shunga qaramay, hozirga qadar eng ko‘hna mashina sifatida Fransiya muzeylaridan birida saqlanadi.

* * *
Ichki yonuv dvigateliga ega qaldirg‘och avtomobilni Buyuk britaniyalik Semyuel Braun 1826 yili ixtiro qilgan. Oradan 59 yil o‘tgach, Olmoniyaning Mangeym shahrida “Motorvagon” deb ataluvchi transport vositasi sinovdan o‘tkazilgan. Karl Fridrix-Bens yaratgan bu mashina benzin hisobiga ishlagan. Tezligi o‘z zamonasiga mos bo‘lgan — soatiga atigi 15 kilometr masofani bosib o‘tgan.

* * *
Ingliz ixtirochisi Richard Trevitik yasagan avtomobil, ta’bir joiz bo‘lsa, dastlabki avtobus edi. U sakkiz yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.

* * *
Rossiya avtomobilsozligiga dengizchi zobit Kostovich asos solgan desak, xato bo‘lmaydi. 1882 yili muhandis Putilov motor yordamida harakatlanadigan to‘rt g‘ildirakli foytun-mashina yaratgan. Olmoniyalik Gens esa xuddi shunday avtomobilning uch g‘ildiraklisiga “doyalik” qilgan.

* * *

1902 yildan e’tiboran Turkistonga ham avtomobillar kirib kela boshlagan. Jumladan, 1906 yili Farg‘ona va Marg‘ilon oralig‘ida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Yetti-sakkiz yildan so‘ng toshkentliklar ham ushbu ulov xizmatidan bahramand bo‘la boshlashgan.
Qizig‘i shundaki, shaharlararo avtobuslar qatnovi Moskva va Sankt-Peterburgda bizdagidan ancha kech joriy etilgan.

* * *
Avtomobillarga raqam va belgi berishni Fransiya politsiyachilari o‘ylab topishgan. Bu tartib-qoida 1893 yildan boshlab amaliyotga joriy etilgan.

* * *

Jon Marshal tom ma’noda “avtomobil jinnisi” bo‘lgan. U salkam chorak asr mobaynida turli rusumli yengil avtomobillar va yuk mashinalarini to‘plagan. O‘ziga xos bu “xazina”da uch mingtadan ortiq transport vositasi jamlangan. Har qancha pul va’da qilishlariga qaramay, Jon shaxsiy boyligini birovlarga sotmagan.

                                                                   Abdunabi HAYDAROV tayyorladi.