MUSTAQILIK DARSI

Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Innovatsion rivojlanish vazirligi va tizim tashkilotlari tomonidan maktablarda “Mustaqillik darsi” oʻtkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan “Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi” qoshidagi “Ilm-fan va innovatsion rivojlanish” hamda “Innovator”jurnallari bosh muharrirlari Hilola Saloyeva va Sevara Abdullayevalar tomonidan Chilonzor tumanida joylashgan 90-maktabning 10-11 sinf oʻquvchilari uchun maʼnaviy va maʼrifiy tadbir trening tarzda tashkillashtirildi.
Tadbir davomida oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish, kelajakda hayotiy maqsadlarga erishish yoʻlida davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻquvchi-yoshlarga yaratilayotgan imtiyozlar va ularning yoshiga oid oʻtkazilayotgan tanlovlar haqida maʼlumot va tavsiyalar berildi. Shuningdek, ixtirochilik qobiliyatlari mavjud oʻquvchilarga bilimini shakllantirish uchun qayerga murojaat qilishlari mumkinligi boʻyicha maslahatlar aytib oʻtildi.
Bundan tashqari, tadbir davomida jurnallar faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi, xususan oʻquvchi-yoshlar va talabalarga oid “Innovator” jurnali tomonidan oʻtkazilayotgan tanlov va motivatsion tadbirlar haqida gapirildi. Masalan, nashrda 7 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasida “Vazirdan maktub” sahifasi yoʻlga qoʻyilganligi va u orqali yoshlar oʻz qiziqishlari va faoliyati haqida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga xat yoʻllab, javob xati olish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan.

⚡️VAZIRGA MAKTUB

Assalomu alaykum, Ibrohim Yo’lchiyevich. Men, Buxoro viloyati G’ijduvon tumanidan Sheraliyev Akobir, 17 yoshdaman. G’ijduvon tumaniga tashrifingiz chog’ida men va akamga qilgan e’tiboringizdan haligacha xursandmiz. Siz bizning qahramonimizsiz.
Men ixtirochilikka qiziqaman. Hozirda robototexnikadan kursga qatnayapman. IT dasturlashni ham o’rganmoqchiman, turli tanlovlarda qatnashib kelmoqdaman. Kelajakda buyuk ixtirochi-muhandis bo’lmoqchiman.
Chet el texnika oliygohlarida o’qishni va O’zbekistonni yuksaklikka yetaklovchi ixtirolar qilishni istayman. Men dronlar yasamoqchiman. Dron deganda faqat uchadigan emas, balki tartib saqlovchi, quruvchilarga yordam beruvchi, qora doriga qarshi choqa tadbirlar davomida ishtirok etuvchi, karantin holatlarida dori-darmon, oziq-ovqat tashiydigan, xullar insonlarning og’irini yengil qiladigan robotlarni nazarda tutdim.

«VAZIRDAN MAKTUB» loyihasi

Assalomu alaykum, Ibrohim Yo’lchiyevich.

Men Buxoro viloyati G’ijduvon tumanidan Nasriddinov Sardor, 15 yoshdaman. Men texnologiyalar, ixtirolar, robototexnika va dasturchilikka qiziqaman. Men kelajakda bank sohasida ish yuritmoqchiman. Bu sohada ishlash uchun men matematika va ingliz tili fanlarini yaxshi o’qishim kerak. Men hozirda bu fanlardan kurs va to’garaklarga qatnashyapman. Hozirda ko’plab qiziqarli va foydali loyihalar yasamoqdaman. Ulardan birini sizga rasm ko’inishida taqdim qildim. Bular mening hobbiyimdir. Men yana kelajakda O’zbekiston uchun hamda butun dunyo uchun foydasi tegadigan loyihalar yaratishni niyat qildim. Men bundan tashqari sport to’garaklariga ham qatnashyapman. Sport sohasida ham ko’plab sovrin va yutuqlarga erishganman.
Buxoro viloyati, G’ijduvon tumani, Qassabon MFY, Bog’chag’ozi qishlog’i 15-uy

SARATONNI DAVOLASHNING YANGICHA USULI

SARATONNI DAVOLASHNING YANGICHA USULI

 

        Hozirgi kunda aksariyat davlatlarda koʻkrak bezi saratoni nishon terapiya yordamida davolanilmoqda. Mazkur terapiya bemor umrining sezilarli darajada uzayishi, ayrim hollarda oʻsimtaning butkul oʻsishdan toʻxtashiga olib kelishi kuzatilmoqda.

     Yurtimizda ham 2021–2023-yillarga moʻljallangan “Saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini TUMOR ON TARGET usuli bilan diagnostika qilish” nomli startap-loyiha uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 907,424 mln. soʻm mablag‘ ajratilgan boʻlib, hozirgi kunda Namangan viloyati Chust innovatsion hududida “TUMOR ON TARGET” MCHJ diagnostik klinika o‘z faoliyatini boshlash arafasida. Loyiha muallifi Shohista Rustamova bilan bog‘lanib, mazkur loyihaning ahamiyati va afzalliklari haqida maʼlumot oldik.  

 

Biotexnologiya – yangi hayot sari

 

      Bugungi kunda biotexnologiya yordamida koʻplab yutuqlarga erishib kelinmoqda. Hujayra va genetik injeneriya usullaridan foydalangan holda, insonlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, biologik organizmlarni oʻzgartirish mumkin. Masalan, mahsulot sifatini oshirish, yangi oʻsimlik navlari olish, hayvonlar turlarini oʻzgartirish, tirik organizmlarga zarur xususiyatlar berish va genetik injeneriya, sunʼiy tanlash va duragaylashdan foydalanib, yangi dori vositalari yaratish kabi faoliyat turlari biotexnologiya orqali amalga oshiriladi.

Biotexnolog bo‘lish uchun inson nafaqat genetika, molekulyar biologiya, biokimyo, hujayra biologiyasi, balki botanika, kimyo, matematika, axborot texnologiyalari, fizika va boshqa sohalardan ham xabardor boʻlishi lozim, deb oʻylayman. Umuman olganda, biotexnologlar tabiiy va aniq fanlar sohasidagi muhandislardir.

Respublika miqyosida beotexnologiyani rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlardan biri sifatida o‘z loyihamni misol keltirishim mumkin. Xususan, 2020-yil Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va uning huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan C.A.T science accelerator ilmiy loyihalar uchun startap loyihalar tanlovida “TumorOnTarget – saraton kasalliklarini davolashda nishon terapiyani qoʻllash uchun diagnostika usuli” nomli loyiha bilan ishtirok etib, 1-oʻrinni egalladim va loyiham moliyalashtirildi.

Bugungi kunda “Saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini TUMOR ON TARGET usuli bilan diagnostika qilish” nomli startap-loyiha asosida yangi  klinika faoliyatini yoʻlga qoʻyish arafasidamiz.

 

Klinika qanday maqsadlarga xizmat qiladi?

 

Mazkur klinikada saraton bilan ogʻrigan bemorlar orasidan nishon terapiyani qoʻllash mumkin boʻlgan bemorlar guruhini ajratib olish uchun PZR asosida amalga oshiriladigan HER2 statusini aniqlash usulini amaliyotga joriy etish rejalalashtirilgan. Hozirgi kunda respublikamizda saraton kasalligiga chalingan bemorlarni davolashda kimyoterapiya usulidan foydalanilayotgan bir paytda, nishon terapiya yordamida davolashni sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy qilish boʻyicha qilinayotgan ishlar oʻz dolzarbligi bilan ajralib turadi.

Bugungi kunda mazkur onkomarker faqatgina Respublika onkologiya markazida immunogistokimyo usuli yordamida aniqlanadi. Bu esa butun respublikadagi nishon terapiyani qoʻllash mumkin boʻlgan bemorlar guruhini ajratib olish uchun yetarli emas. Shuningdek, narxi ham ancha qimmat.

Ushbu muammoni hal qilish maqsadida PZR asosida onkomarkerni aniqlash usulini sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy qilish katta qadamdir. Bu usulning analogi immunogistokimyoga nisbatan ikki barobar tez va arzon amalga oshiriladi. Shuningdek, PZR uskunasi respublikamizning barcha viloyatlari klinikalarida mavjud. Shu tufayli uni yurtimiz miqyosida keng yoʻlga qoʻyish imkoniyatining borligi amaliyotning asosiy afzalliklaridan hisoblanadi.

Biotexnologiya keng imkoniyatlarga ega. Minimal invaziv diagnostika usullarini ishlab chiqish orqali bir tomchi qon yordamida bemor ahvolini tezda aniqlash mumkin. Deylik, uning onkologik kasalligi qaysi darajasida ekanini belgilab berishda ushbu usul muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.

 

Maqsadimiz bemor ayollar umrini uzaytirish

 

       Hozirgi kunga qadar loyihaning dastlabki bosqichlarida saraton kasalliklarida HER2 onkomarkerini diagnostika qilish uchun PZR asosida aniqlash TUMOR ON TARGET usuli ishlab chiqildi. Klinik laboratoriya binosi taʼmirlanib, loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, xomashyo va reaktivlar sotib olindi. Shuningdek, inventar, texnika va jihozlar xarid qilib oʻrnatildi.

Ahamiyatli jihati, klinika ishga tushirilgach, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratilib, aholi bandligi ham taʼminlanadi. Muhimi, nishon terapiya amaliyoti orqali oʻzbek ayollari umrini uzaytirishga xizmat qilishni oʻz oldimizga maqsad qilganmiz.     

                                                              

  Sevara ABDULLAYEVA tayyorladi.

“VAZIRDAN MAKTUB” LOYIHASIGA

Assalomu alaykum, Hurmatli Abdurahmonov Ibrohim Yulchiyevich!

Men, Taslimboyev Og’abek Yoqubjon o’g’li 2012-yil 26-aprelda Namangan viloyati Chust tumani Toshqo’g’on qishlog’ida tug’ilganman. Hozirda Namangan shahridagi 1-maktabning 5-“G” sinfida o’qiyman. Men ixtirochilik, yangi texnikalarni yaratishga qiziqaman. Bundan tashqari, ingliz tili va matematika fanlarini sevib o’qiyman.

Qiziqishim bo’yicha hozirda Robototexnika va ingliz tili kurslariga qatnashyapman. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e’lon qilingan tanlovlarda ishtirok etib turaman va hozirgacha bir qancha sertifikatlarni qo’lga kiritganman.

Mening bobom fermerlar, paxta ham yetishtiradilar. Mana shu paxtalar pishgandan so’ng, ularni o’zi teruvchi mashinalarni tog’amning telefonlaridagi videoda ko’rdim. Men shu mashinalarni yanada zo’r yuradigan va ko’p paxta teradiganini yaratmoqchiman. Shuning uchun Robototexnikani mukammal o’rganib, biz yashaydigan manzildagi ya’ni Namangan viloyati Chust tumani Toshqo’rg’on MFY dagi tengdoshlarimga ham yaxshi kompyuter olib, kursimizdagi videoroliklardan robotlarni yasash sirlarini o’zim o’rgangan va bilgan narsalarimni o’rgatib, birdan bir jamoa bo’lib, yangi yaxshi ixtirolar qilib Vatanimiz rivojiga hissa qo’shishni niyat qildim.

Taslimboyev Og’abek Yoqubjon o’g’li

«INNOVATOR» jurnali o’quvchilari uchun tashkillashtirilgan «Vazirdan maktub» loyihasi ayni qizg’in pallada!

«Assalomu alaykum, Ibrohim Yo’lchiyevich! Men, Sheraliyev Zafarsher Husenovich 9 yoshdaman. Buxoro viloyati G’ijduvon tumanida yashayman. Men shaxmat, robototexnika, matematika hamda ITga qiziqaman. Yaqinda Buxoro shahrida o’tkazilgan tadbirda qatnashib, o’z qo’lim bilan quyosh nuri yordamida harakatlanadigan robot yasadim. Kelajakda buyuk dasturchi bo’lib yetishmoqchiman! Maqsadlarimdan yana biri kelajakda ovoz yordamida harakatlanuvchi shaxmat ixtiro qilmoqchiman.»

Kichik innovatorimizning orzulari kelajakda amalga oshishiga tilakdoshmiz!

“Biotexnolog – hayotida yangi narsalarni sinab koʻrishdan qoʻrqmasligi lozim!”

Madina Akramova isteʼdodli va yosh biotexnolog olimalarimizdan biri. U AQShning Fulbrayt dasturi finalisti. Bir qator xalqaro anjumanlar ishtirokchisi va ilmiy maqolalar muallifidir.

Suhbat davomida qahramonimizdan nega aynan biotexnologiya yoʻnalishini tanlagani va bu sohada faoliyat yuritishni istagan yoshlarga dastlabki qadamni qayerdan boshlash kerakligi boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar olishga muvaffaq bo‘ldik.

 

                     Hammasi maktab оlimpiadasidan boshlandi!

 

Boshlangʻich sinfda oʻqib yurganimda, “Atrofimizdagi olam” va “Tabiatshunoslik” fanlaridan dars oʻtilardi. Negadir shu fanlarga juda qiziqardim. Yuqori sinflarga o‘tganimda esa biologiya faniga mehr qoʻydim. Menga   uyimizda qatiq, kvas va tuzlangan karamning tayyorlanish jarayonini diqqat bilan kuzatish oʻzgacha zavq bagʻishlardi. Albatta, oʻsha paytlarda fermentatsiya jarayoni va probiotiklar nima ekanligini tushunmasdim.

Shukrki, ota-onam farzandlarining xohish va istaklariga juda eʼtiborli edi. Ular mendagi qiziqishni koʻrib, qoʻshimcha taʼlim kurslariga berishdi. U yerda birinchi bor mikroskopni koʻrdim va shaxmat oʻynashni oʻrgandim. Biroq oʻsha damlarda biologiya men uchun shunchaki oddiy qiziqish boʻlgandi, xolos. Ammo 6-sinfda oʻqib yurgan chogʻlarimda maktabda biologiya fanidan olimpiada oʻtkazildi. Olimpiada natijalari eʼlon qilinganda, gʻoliblar qatorida edim. Ana shundan so‘ng bu fanni mukammal oʻrganishga qat’iy kirishdim.

 

                                   Biotexnologiya sohasi oʻziga maftun qildi

 

Oʻzbekiston Milliy universitetiga oʻqishga kirgach, “Genetika” kafedrasida bitiruv malakaviy ishimni bajarishni rejalashtirdim. Ikkinchi kursda oʻqib yurgan kezlarimda probiotik bakteriya dorilarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Mega Farm Service” kompaniyasi laboratoriyasida stajyor boʻlib ishlash baxti nasib qildi. Amaliyot davomida mikrobiologiya va sanoat jarayonlariga qiziqishim uygʻondi.

Keyinchalik Genomika va bioinformatika markazida laborant sifatida ish boshladim. Faoliyatim davomida barcha qiziqishlarimni birgina biotexnologiyaga birlashtirishim mumkinligini tushundim. Sababi, ushbu sohada genetika va mikrobiologiya, shuningdek, boshqa fanlar bilan ham shugʻullanish imkoni mavjud.

Shunday qilib, “Biotexnologiya” kafedrasida yakuniy malakaviy ishimni bajarish uchun ariza topshirdim va oʻz ilmiy ishimni kolbasalarda genetik modifikatsiyalangan mahsulotlarni aniqlash usullariga bagʻishladim. Bu mening laboratoriya protokollarini optimallashtirish, tadqiqot rejasi tuzish va malakaviy ish yozish boʻyicha birinchi tajribam edi.

Shuningdek, Skolkovo fan va texnologiya institutida (Moskva, Rossiya) molekulyar biologiya boʻyicha “Bakteriyalar bilan ishlab chiqariladigan antibiotiklarni izlash” mavzusidagi xalqaro ilmiy yozgi maktab ishtirokchisi boʻldim. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi qoshidagi “Biotexnologiya” va “Biofizika” yoʻnalishlari boʻyicha ikkita yozgi ilmiy maktabda “molekulyar biologiya” va “biotexnologiyalar” boʻyicha ham mahoratimni oshirdim.

 

                         AQShda malaka oshirib, Vatanimga qaytdim


           AQShdagi San Diyego davlat universitetining “C1 Biocatalysis Lab” laboratoriyasi eʼtiborimni tortdi, chunki bu laboratoriya faoliyati ekologiya va sanoat sohasidagi muayyan muammolarni hal qilishga qaratilgan edi. Metanotrof bakteriyalarning metilotroflar deb nomlangan guruhi boʻlib, ular metanni uglerod hamda energiyaning yagona manbayi sifatida qoʻllaydi va bu jihat ularni yetishtirish jarayonini ancha arzonlashtiradi. Shunday qilib, “C1 Biocatalysis Lab”ning asosiy vazifasiga atrof-muhitdan metan olish jarayonida metanotroflarning molekulyar mexanizmlarini oʻrganish edi. Bu esa, oʻz navbatida, global isishga qarshi kurashda ijobiy natija koʻrsatishi kerak edi. Bundan tashqari, laboratoriyada genetik jihatdan oʻzgartirilgan metanotrof bakteriyalardan turli oqsil mahsulotlari va yoqilgʻi olish ustida ham ilmiy tadqiqotlar olib borilib, ushbu mahsulotlar narxi pasayishiga erishish maqsad qilib olingandi.

Mening loyiham aynan genetik modifikatsiyalangan bakteriyalarni yaratish bosqichida amalga oshirildi. Buning sababi – atrof-muhitdan olingan metanotrofik bakteriyalar bizga kerakli mahsulotlarni sintez qilish uchun zarur boʻlgan maxsus genlarga ega emas. Ushbu genlarni bakterial plazmid asosida maxsus genetik konstruksiya (tuzilma)ga kiritish va metanotroflarga biz tomondan belgilagan mahsulotni sintez qilishga imkon beradigan “bakteriyalarning genetik transformatsiya” jarayonini amalga oshirish lozim. Muammo shundaki, barcha genetik tuzilmalar metanatroflarda teng darajada yaxshi ishlamaydi. Mening vazifam bakteriyalarning maʼlum tijorat shtammlarida eng yuqori samaradorlikka ega plazmidlar va bunda oqsilning kuzatilayotgan ekspressiyasini aniqlashdan iborat edi. Bu mening bioinformatika, tajriba dizayni va maʼlumotlarni tahlil qilish koʻnikmalarimni yaxshilaydigan juda qiziqarli loyiha edi.

 

                Fulbrayt dasturining finalistiga aylandim!

 

Fulbrayt AQSh hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan taʼlim granti dasturidir. Dastur AQSh fuqarolari va boshqa mamlakat fuqarolari oʻrtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga moʻljallangan. Dasturning mohiyati AQSh universitetlarida akademik daraja (magistratura, doktorantura) yoki dastur boʻyicha taklif etilgan olimlarning 1 yil davomida ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishiga yo‘naltirilgan.

Talabalik davrining ilk onlaridanoq xalqaro toifadagi mutaxassis boʻlishga intildim. Buning uchun xalqaro taʼlim va ish tajribasiga ega boʻlishga qaror qildim. Fulbrayt dasturi aynan men uchun yaxshi imkoniyat boʻldi! Dasturda qatnashish uchun oʻz hujjatlarimni topshirib, butun kuchimni finalistlar qatoridan joy olishga sarfladim. Kerakli maʼlumotlarni AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi saytidan topdim. Shuningdek, oʻtgan yilgi ushbu dastur finalistlari va mutaxassislarning shaxsiy sahifalarini ham kuzatdim. Ularning ariza topshirish boʻyicha maslahatlariga amal qildim.

Umuman olganda, Fulbrayt dasturiga tanlov jarayoni uch bosqichdan iborat: 1) hujjatlarni taqdim etish (diplom, ragʻbatlantirish xatlari, tavsiyanomalar); 2) Maxsus komissiya bilan intervyu, yaʼni elchixona xodimlari va Fulbraytning oldingi finalistlari bilan; 3) Xalqaro imtihon GRE (umumiy yoki mavzu boʻyicha), TOEFL. Shuningdek, tanlangan mutaxassislik boʻyicha GMAT imtihonidan oʻtish talab etiladi. Shuni aytish joizki, dasturda ishtirok etish istagidagilar koʻp. Raqobat juda katta. Lekin sizda kuchli motivatsiya, sabr-toqat, ijtimoiy va nashriy faollik boʻlsa, Fulbrayt dasturi finalchisi boʻlishingiz aniq.

 

                   Biotexnologiyaning istiqbollari va mening faoliyatim!

 

Menimcha, biotexnologiya mamlakat taraqqiyotiga sanoat, ekologiya, aholi salomatligi va oziq-ovqat xavfsizligi jihatidan ham katta taʼsir koʻrsatadi. Aynan biotexnologiya genetik va yuqumli kasalliklarni aniq tashxislash, oziq-ovqat mahsulotlari ifloslanishini tahlil qilish uchun zarur manbalar bilan taʼminlashda asqatadi. Shuningdek, biotexnologik va farmatsevtik kompaniyalarning paydo boʻlishi koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish va import oʻrnini bosishga yordam beradi. Mamlakatimizda iqtisodiyot rivojiga katta hissa qoʻshadi.

«ROSSA» Oʻzbekiston Respublikasi hududida biotexnologik mahsulotlar yaratish boʻyicha yirik ilmiy ishlab chiqarish kompaniyadir. Ushbu kompaniyada biz uy hayvonlarida yuqumli kasalliklar, oziq-ovqat mahsulotlarida GMO mavjudligini aniqlaydigan va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shugʻullanamiz. Shuningdek, bu yerda SARS-CoV-2 koronavirus infeksiyasini aniqlashda diagnostik toʻplamlar ham ishlab chiqariladi.

Men hujayralar texnologiyasi boʻlimida faoliyat yuritaman. Bu yoʻnalishda regenerativ tibbiyot boʻyicha izlanishlar olib borish rejalashtirilgan. Jumladan, estetik tibbiyot, artroz va parodontoz kasalliklarini davolash borasida ilk qadamlar qoʻyilmoqda.

V ramke: Ochigʻi, AQShda magistraturani tamomlagach, oʻz yurtimda biotibbiyot, biotexnologiya sohalarini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan baxtiyorman!

                              Biotexnolog boʻlaman desangiz…

 

Biotexnologiya sanoat bilan chambarchas bogʻliq. Shu sababli ushbu sohani puxta egallashni maqsad qilgan yoshlarga turli startap (start-up) akselerator hamda bu borada taʼlim beradigan tadbirlarda (workshop) qatnashishni maslahat bergan boʻlardim. Bundan tashqari, sohaga oid ixtisoslashgan saytlar hamda mahalliy va xalqaro stajirovkalar haqida maʼlumotlar qidirish, yangiliklardan xabardor boʻlib borishni tavsiya qilaman. Qolaversa, zamonaviy biotexnologiya sohasida roʻy berayotgan yutuqlar haqida koʻproq maʼlumotlar oʻqishga intiling. Bu sizga aynan qaysi yoʻnalishni tanlash va oʻzingizga yaqin sohani aniqlashda yordam beradi.

Ilmiy jurnallardan tashqari https://itaintmagic.riken.jp/ va https://biomolecula.ru/ kabi ilm-fanni ommalashtirishga qaratilgan onlayn platformalarni kuzatib borishni odatga aylantiring. Bunday platformalar biotexnologiya sohasida tahsil olayotgan 1-2 bosqich talabalari uchun juda qoʻl keladi.

Eʼtiborli tomoni shundaki, ilmiy maʼlumotlarni tahlil qila olish uchun dasturlashni oʻrganishingizni tavsiya qilgan boʻlardim. Yangi ishlanmalar bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan yaxshi tadqiqotchi va biotexnolog hozirda hech boʻlmaganda “Python” va “R” kabi dasturlash asoslarini bilishi kerak. Eng muhimi, hayotingizda yangi narsalarni sinab koʻrishdan aslo qoʻrqmang!

 

Hilola Saloyeva,

«Ilm fan va innovatsion rivojlanish»

ilmiy jurnali bosh muharriri

VAZIRDAN MAKTUB

Assalomu alaykum, Ibrohim Yo‘lchiyevich! Men, Sheraliyeva Shirin Husen qizi, 15 yoshdaman. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yashayman. Men ingliz tili, IT, robototexnika va astronomiya ilmiga qiziqaman. Kelajakda, eng asosiysi, ota-onamning orzularini amalga oshirish maqsadida IELTS 8+ ball olib, grand asosida West Minister institutida o‘qib, muhtaram

 prezidentimizga shaxsiy tarjimon bo‘lmoqchiman.
Yana bir orzuyim kelajakda yomg‘ir suvlaridan foydali maqsadlarda foydalanish uchun o‘z loyihamni elga tadbiq

etish va shuning kichik bir maketini sizga yuboraman. Men kichik vaqtimdan koinotga juda qiziqaman va osmonni teleskop orqali kuzatish eng katta orzularimdan biri.
Men 26-iyulda Yoshlar oyligi doirasida Buxoro shahrida o‘tkazilgan “The youth of new Uzbekistan let’s unite” mavzusidagi nutqlar tanlovida ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim va “Xorijiy tillarni o‘qitishni rivojlantirish vazirligi” Buxoro viloyati boshqarma boshlig‘I Nozima Xoliqova tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandim.
Sizdan javob kelishini intizorlik bilan kutib qolaman.

«INNOVATOR» JURNALI YANA BIR ISTE’DOD EGASINI KASHF ETDI

 

“Innovator” jurnali orqali eʼlon qilingan “Vazirdan maktub” loyihasi uchun Qashqadaryoning chekka bir hududidan xat keldi.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Ommag‘on qishlog‘ida yashovchi yosh ixtirochi Ahrorbek Farhodov Innovatsion rivojlanish vaziriga o‘z qiziqishlari, ayniqsa, turli xil eski uskunalarning ichki qismlaridan Labo mashinasi, kamaz, magnitofon va yana koʻplab texnika vositalari yasagani haqida maktub yoʻllagan edi.

Yosh ixtirochining maktubiga Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ham javob yozdi: “Ahrorbek, maktubingizni oʻqidim. Oʻqidim-u, yurtimizda sizdek iqtidorli va yangiliklarga intiluvchan, izlanishlardan zavq oladigan yoshlar borligidan quvondim, gʻururlandim. Vaqtingizdan unumli foydalanayotganizdan xursand boʻldim. Maktabda aʼlo baholarga oʻqishdan tashqari har xil innovatsion ishlanmalar yaratishga qiziqishingiz, ularni oʻzingiz mustaqil yasashga boʻlgan ishtiyoqingiz katta yutuq va ulkan marralarga olib kelishiga ishonaman”.

“InnoWeek-2022” innovatsion ishlanmalar hududiy ko‘rgazmasi Qashqadaryo viloyati bosqichi doirasida Ahrorjon Farhodovga Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari tomonidan vazirning javob maktubi va esdalik sovg‘asi topshirildi.

⚡️»INNOVATOR» jurnali amaldagi startaplar haqida ma’lumot berishda davom etadi!

Karantin davrida o‘quvchilarning vaqtini foydali va qiziqarli o‘tkazadigan, ularga ishtiyoq beradigan o‘zbek tilidagi ta’lim platformasi mavjud emasligi nafaqat ta’lim, balki iqtisodiy tomondan ham zarar katta edi. KHISO olimpiada maktabi asoschisi, “Kun testi” mobil ilovasi va www.khiso.uz onlayn olimpiadalar platformasi startap loyihasi rahbari Sardorbek Bozorov ana shunday innovatsion platforma yaratdi:

– Yurtimizda karantin joriy etilgach, jamoamiz bilan oʻzimizning telegram kanalimizda “Kun testi” oʻtkaza boshladik. Ushbu test sinovlarida ishtirok etadigan yoshlar soni tezda oshib ketdi.

Shundan soʻng bu jarayonni avtomatlashtirmasak boʻlmaydi, degan xulosaga keldik. Natijada bizning ushbu mobil ilovamiz yaraldi.

Koʻpchilik shunday savol beradi: “Nega aynan taʼlimga oid platforma yaratdingiz?” Sababi oʻzbek tilida taʼlimga oid platforma juda kam yoki yoʻq desak ham boʻladi. Boshqalaridan farqli jihati esa “KHISО”da raqobat mavjud.

Bizning platformada reyting yuritiladi. Respublika, shahar va tumanda kimlar yetakchi? Bilimdon yoshlar esa oʻzidan kimdir oʻzib ketayotganini koʻrsa, har kuni testlar ishlay boshlaydi.

Ragʻbatlantirish bor. Har oyning oxirida respublika va viloyat bosqichi gʻoliblariga medallar va esdalik sovgʻalari topshiramiz.

Eng asosiy jihatimiz esa bizning platformada tizim mavjud. Shuningdek, bizda eng kuchli jamoa shakllangan. 2015-yildan buyon xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan yoshlarning aksariyati mening shogirdlarim. Jamoamizda ular ham faoliyat olib boradi.

Hozirda 50 ming nafardan ziyod odam mobil ilovamizdan foydalanyapti. Saytimizdan esa 205 mingdan ziyod kishi roʻyxatdan oʻtgan.