
Aslida, printer deganda, qog‘oz chiqaradigan uskuna ko‘z oldimizga keladi. Ha, haqiqatan ham, shunday. Endilikda esa ularning zamonaviy avlodlari, ya’ni 3D printerlari hayotimizga kirib kelmoqda. Xo‘sh, bunday printerlar oldingilaridan nimasi bilan farq qiladi?
Zamonaviy 3D printerlari (additiv texnologiyalar) yordamida uy va ofislar qurish, qandolat mahsulotlari, aviatsiya va harbiy sanoat uchun detallar tayyorlash mumkin. Qolaversa, ta’lim, mashinasozlik, tibbiyot, arxitektura va dizaynerlik sohalarida ham ularning o‘rni beqiyos. Ana shunday murakkab vazifalarni bajarish funksiyasiga ega bu yangi texnologiya endilikda yurtimizda ham asta-sekin ommalashmoqda.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti talabalaridan iborat jamoa 2015-yildan buyon UZDELTA 3D printerini yaratish, uni takomillashtirish va mahalliylashtirish ustida ish olib bormoqda. Hozirda ular kichik 3D printerlar laboratoriyasini tashkil etishgan. U erda 3D printerlarini turli ishlab chiqarish yo‘nalishlarida sinovdan o‘tkazib kelishmoqda. Ana shunday jiddiy ishga qo‘l urgan yoshlarimizdan biri Behzod To‘xtamurodov bizga yangi texnologiya haqida zarur ma’lumotlarni berdi.
Bugungi kunda butun dunyo miqyosida 3D printeri xizmatidan keng foydalanib kelinmoqda. E’tiborga molik tomoni shundaki, 3D printerlari o‘zining ishlab chiqarish yo‘nalishi va metodikasi bo‘yicha bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Deylik, biz laboratoriyamizda yaratgan hamda ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan 3D printerlarimiz FDEM yo‘nalishida ishlaydi. Bu yo‘nalish orqali faqat plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarish mumkin. Uning xomashyosi turli xil xossalar va xususiyatlarga ega polimerlardan iborat.
Ishlash tartibi qanday?
3D printeri oldindan berilgan 3D chizma modeli orqali qo‘yilgan xomashyoni bosqichma-bosqich eritadi va eng murakkab detallarni oddiy ravishda ishlab chiqaradi. Bu texnologiyaning asosiy ustunligi ham shunda.
Dastavval ish boshlashdan oldin har qanday chizmaning grafik muhandislik dasturlari (KOMPOS, ENEKS, AVTOKAD) orqali kompьyuterda 3D chizmasi tayyorlanadi. CHizma kerakli formatda saqlanib, 3D printeri dasturiga o‘tkaziladi. Hamma kerakli parametr va sozlash ishlarini aynan 3D printeri o‘z dasturida amalga oshiradi.
3D printerining ishlash jarayonini kuzatish juda ham zavqli. Negaki bu jarayonda siz bergan detal yoki mahsulot qanday tarzda bosma qilinishi, 3D printeridan qancha vaqtda chiqishi, qatlam qalinligi, hamma parametrlarini oldindan ko‘rish va to‘g‘rilash imkoniyati mavjud.
3D printeri sim ko‘rinishidagi sariq va oq rangli babinkalarga ulangan. Babinkalar o‘lchami 1,75 mm yoki 3 mm diametr bo‘lib, 3D printeri ular ichidagi xomashyoni eritadi va bosmadan chiqaradi.
Biz yaratgan 3D printeri 3-4 xil polimer xomashyo bilan ishlashga mo‘ljallangan. Kelajakda 10 dan ortiq xomashyo turlarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqdamiz. SHunga ko‘ra, ularga mos ravishda 10 dan ortiq xomashyo bilan ishlay oladigan 3D printerlarini ham tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
Dunyo bo‘yicha eng ko‘p ishlatiladigan xomashyolardan biri ABS va PLA. 3D printeri xomashyosi “filament” deya nomlanadi.
Pazandachilikda 3D printerlarining o‘rni
YAxshi oshpazlarni sehrgar deyishadi. CHunki ular oddiy masalliqlardan ham og‘izga xush yoqadigan betakror taomlar tayyor olishadi. Ayniqsa, ular tayyorlagan taomlarning bezatilishi odamning ishtahasini ochadi. Mazali taomni xo‘randaga chiroyli qilib bezatilgan holda etkazishda 3D printerlarining ham ahamiyati katta. Laboratoriyamizda oziq-ovqat mahsulotlarini bosmadan o‘tkazadigan 3D printerlarini ham ishlab chiqdik. Ushbu printerning bobinkasiga polimer mahsuloti o‘rniga shokolad yoki jem solinadi. Tabiiyki, bunday turdagi printerlar qandolatchilik sohasida ishlaydigan insonlarga juda qo‘l keladi.
Maktablar uchun ham ayni muddao
Faoliyatim davomida ushbu texnologiyaning juda ko‘p imkoniyatlarini o‘zim uchun kashf etdim. U o‘z g‘oyalaringizni amalga oshirishda yaxshigina qurol bo‘lishi mumkin. Bu texnologiyaning har bir maktabdan o‘rin olishini istardim.
Bilasiz, maktablarda o‘quvchilarga mehnat darsi o‘tiladi. O‘quvchilarning bu darsda qog‘ozlardan turli shakllar yasab o‘tirganiga ko‘p guvoh bo‘lganman. Bu esa vaqtni behuda o‘tkazishdek bir gap. Ehtimol, maktablarda har bir o‘quvchi uchun dastgoh olishning imkoni yo‘qdir, lekin bir dona 3D-printeri barcha o‘quvchilar uchun o‘z innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarining ilk modellarini yaratishga juda katta yordam beradi. SHu asosda ta’lim tizimida yangi metodologiya ishlab chiqish mumkin.
Bundan tashqari, texnoparklar, oliy o‘quv yurti muassasalari uchun ham 3D printerlarining ahamiyati cheksiz.
Hamma sohani qamrab olmoqda
Fotopolimer 3D printerlari bugungi kunda ko‘plab sohalarga kirib kelmoqda. Jumladan, tibbiyot, zargarlik, qurilish, turli ishlab chiqarish sohalari uchun ushbu uskuna juda qo‘l kelmoqda. Kelajakda 3D-printerlari xuddi kompьyuterlar singari har bir uyda bo‘lsa, ajabmas.
Bugungi kunda dunyoning bir nechta davlatlarida 3D printerlarining juda katta hajmdagilari ishlab chiqarilmoqda. Ular yordamida uylar qurishyapti. Jumladan, Xitoyda 5 yoki 2 qavatli binolar aynan 3D printeri sharofati bilan qad ko‘targan.
Eng qiziqarlisi, hozirda chet davlatlarda inson ichki a’zolarini ham bosmadan o‘tkazishmoqda. Olimlar bu borada jigar va quloqni sinovdan o‘tkazishdi. 3D printeri orqali tayyorlanadigan protezlar esa allaqachon odamlar ishonchini qozondi. Biz ham sekin-asta shu yo‘nalishlarda o‘z faoliyatimizni kengaytirishni maqsad qilganmiz. Kelajakda metal hamda gips qo‘yadigan 3D printerlari ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.
O‘ylaymanki, loyihamiz kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizga o‘z startap va innovatsion loyihalarini amalga oshirishda katta texnik baza bo‘lib xizmat qiladi.
Yillar davomida biz jamoamiz bilan ko‘plab yutuqlarga erishdik.
2017-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo sanoat palatasi va O‘zbekistondagi PROON tashkiloti bilan hamkorlikda uyushtirilgan “StartUp tashabbuslari” loyihasida ikki marta I o‘ringa sazovor bo‘ldik. SHuningdek, 2018- yilda Belorusiya Respublikasi Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan VII muhandislik texnologiyalari forumidagi biznes jang qatnashchisi va MDH davlatlaridan qatnashgan o‘nlab loyihalar ichida “UZDELTA 3D printerini mahalliylashtirish” loyihasi bilan “Yоshlarning eng yaxshi innovatsion loyihasi” nominatsiyasi bo‘yicha II o‘rin sohibiga aylandik.
Printerlar tarixi
Dastlabki 3D printerlari 1980-yildan boshlab yaratila boshlagan. YAponiyalik shifokor Xideo Kodama fotopolimer orqali tez nusxa ko‘chiradigan uskuna ixtiro qildi. Ushbu uskunaning ishlash tartibi xuddi zamonaviy 3D-printer singari bosma qilinadigan ob’ekt modeliga muvofiq qatlamma-qatlam terilgan.
Ushbu sohadagi haqiqiy yutuq 1984-yilda AQSHlik CHarlьz Xall tomonidan ixtiro qilingan stereolitografiyaning dunyoga kelishi bo‘ldi. Bunday texnologiyaning sharofati bilan 3D printerida ob’ektlarni raqamli (tasvirli) tarzda yaratish imkoniyati tug‘ildi. O‘sha davrda xomashyo sifatida suyuq moddaning asosiy qismi akrildan, fotopolimerdan tayyorlangan.
Sevara tayyorladi.