Jaloliddin Manguberdiga mansub yada toshi bugungi kunda Britaniya muzeyida saqlanmoqda, deya xabar bermoqda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati.
Ushbu tosh oʻymakorlik va gravyurali ishlanish texnikasida tayyorlangan boʻlib, islom madaniyatiga oid arxitekturaga mansub nodir eksponat hisoblanadi.
Uning balandligi 29, kengligi 50, qalinligi 32 santimetrni tashkil etadi. Ogʻirligi esa 42,5 kilogramga teng.
Tosh Eron hududidan topilgan va sotib olingan. U muzeyda №1990.06.12.1 raqami bilan qayd qilingan boʻlib, milodiy 1230-1231 yilda ishlangani manbalarda qayd etilgan.
Eksponatga “mazkur tosh Jaloliddin Xorazmshoh umrining oxirgi yillaridagi sharqiy Turkiya, shimoli-gʻarbiy Eron va Ozarbayjondagi harbiy yurishlaridan xabar beradi”, degan taʼrif berilgan.
Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” kitobida ham yada (jada) toshi haqida qayd etib ketilgan. Unda, turklar yomon niyatlardan qochish uchun fol ochishda ishlatgani aytilgan.