Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Yangi yil bayramini nishonlash davrida fuqarolarning toʻliq dam olishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish hamda dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qoʻshimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini koʻchirish toʻgʻrisida”gi PF–213-son Farmoni bilan 2024-yil 30–31-dekabr kunlari dam olish kunlari sifatida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2025-yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 4-yanvar – shanba kunidan 2-yanvar – payshanba kuniga koʻchirilsin hamda olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 2-yanvar – payshanba qoʻshimcha dam olish kuni etib belgilansin.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
mehnat jamoalari oʻrtasida ushbu qarorning maqsadi, mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
Yangi yil bayrami uchun belgilangan dam olish kunlarida xodimlar va ularning oila aʼzolari maroqli dam olishini taʼminlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda Yangi yil bayrami uchun belgilangan dam olish kunlarida oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholining keng xabardor qilinishini taʼminlasin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.