Bugungi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaymiz. Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ular muloqot uchun universal maydon boʻlib, doʻstlar bilan muloqot qilish, amalga oshirayotgan ishlar bilan oʻzaro boʻlishish va yangiliklardan boxabar boʻlish mumkin.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda dunyo aholisining 60 foizi internet tarmogʻidan foydalanadi. Xususan, Facebook, YouTube, WatsApp, Messenger, WeChat, Instagram, Tumblr, Qzone, Tik Tok kabi tarmoqlar dunyodagi eng ommabop ijtimoiy tarmoqlar hisoblanadi. Misol uchun, Facebook ijtimoiy tarmogʻidan internet foydalanuvchilarining 85 foizi (Xitoydan tashqari), dunyo aholisining esa toʻrtdan bir qismi foydalanar ekan. Yaʼni Facebookdan 2 mlrd. odam foydalanadi. napoleoncat.com sayti bergan maʼlumotga koʻra, Oʻzbekistonda Facebook tarmogʻidan foydalanuvchilar 1 millionga yaqinlashib qolgan. Ular oʻracha 25-34 yoshda boʻlib, 65,5 foizini erkaklar, 34,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.
Foydali tomoniga toʻxtaladigan boʻlsak, maʼlumot olish uchun qulay manbadir. Jumladan, Internet olami jurnalistlar faoliyatida ham juda qoʻl keladi. Qolaversa, talabalarga, tadqiqotchilarga va boshqa qiziquvchilarga ham yordami tegyapti. Oʻzlariga kerakli materialni qaysidir davlatning qoʻlyozmalar fondidan yoki muzeyidan soʻrash, rasmini koʻchirib olish, soha mutaxassisi bilan gaplashib, ilmiy xulosalar berishda qulaylik tugʻdiryapti. Qolaversa, turli kasb vakillari oʻzlariga tegishli mavzularda tarmoq foydalanuvchilaridan maslahat soʻraydi va kerakli gʻoyalarni oladi.
Ammo ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikning salbiy jihatlari ham talaygina. Psixologlarning taʼkidlashicha, tarmoqlardan muntazam foydalanish depressiyani keltirib chiqaradi. Foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlar jumladan, Facebook va Twitterda qancha koʻp vaqt oʻtkazsa, ularda tushkun kayfiyatga moyillik xavfi shuncha oshadi. AQSHning Pittsburg universiteti psixologlari shunday xulosaga kelishdan oldin 19 dan 32 yoshgacha boʻlgan 1,8 ming nafar amerikalik oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazdi. Asosiy vaqtini Facebook va Twitterda oʻtkazadigan yoshlar jizzakilik, tushkunlikka ushbu ijtimoiy tarmoqlardan nisbatan kamroq foydalanadigan yoshlarga qaraganda 2,7-marta koʻproq moyil boʻladi.
Olimlarning aniqlashicha, foydalanuvchilar YouTube, Instagram, Snapchat, Reddit va Tumblr kabilarga bir kunda 61 daqiqa vaqtini sarflaydi. Bu, haftasiga shu saytlardan 30-marta foydalanadi deganidir. Soʻrovnomada qatnashganlarning 25 foizida depressiya alomatlari kuzatilgan. Tadqiqotchilar ayrim foydalanuvchilar depressiyani yengish uchun ham ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qilishini taʼkidlamoqda. Ular ijtimoiy tarmoqlardan oʻziga kerakli ruhiy koʻmakni ololmasa, tushkun kayfiyat yanada kuchayishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti asrdagi global muammo – ijtimoiy tarmoqlar va kompyuter oʻyinlariga qaramlik oqibatlari haqida hisobot eʼlon qildi. Unda qayd etilishicha, ushbu muammo tufayli dunyo boʻyicha har oʻn oʻsmirdan biri psixologik qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ana shu bolalar oʻrtasida ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik darajasi 2018-yili 7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 11 foizga oshgan. Shu oʻsmirlarning 12 foizi ruhiyati va xulq-atvoriga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi dasturiy oʻyinlar taʼsiriga tushib qolgani jiddiy xavotir uygʻotadi. Mazkur xulosalarni olish uchun 2022-yili Yevropa, Markaziy Osiyo davlatlari va Kanadani qamrab olgan 44 mamlakatda 11, 13 va 15 yoshli 280 mingga yaqin yoshlar oʻrtasida ijtimoiy soʻrov oʻtkazilgan. Maʼlum boʻlishicha, mazkur qatlamning 11 foizi ijtimoiy tarmoqlarga qaram boʻlib qolgan. Bu holat qizlarda (13 foiz) oʻgʻil bolalarga (9 foiz) nisbatan koʻproq. Kompyuter oʻyinlariga bogʻlanib qolish holati esa oʻgʻil bolalarda (16 foiz) qizlarga (7 foiz) nisbatan yuqori.
– Yosh bolalarning koʻp telefon oʻynashi raqamli autizm kasalligiga olib kelishi mumkin, – deydi Olmazor tumani 16-oilaviy poliklinika shifokori Oydinoy Namuradova. – Ijtimoiy tarmoqlardan muntazam foydalanadigan yoshlar boshqa yoshlarga qaraganda 2,7 barobar koʻp ruhiy tushkunlikka duchor boʻladi. Ota-onalar farzandlari 13 ga kirguniga qadar internet xavfi, muammolari yoki yaxshi tomonlarini tushuntirishi, doimiy gaplashishi kerak. Biroq aksariyat ota-onalar bunday vaziyatda qanday yoʻl tutishni bilmaydi. Ota-onalarga ham bu masalada yordam kerak.
– Internetga eʼtiborini qaratib, oilasiga, ayoliga, ota-onasiga, farzandlariga vaqt ajratolmaslik natijasida oʻrtaga sovuqchilik tushadi, – deydi Olmazor tumani 149 maktab oʻqituvchisi Inom Nazarov. – Bundan tashqari, turli oqimlar oʻz mafkuralarini yoshlar ongiga singdirish uchun ijtimoiy tarmoqlardan keng koʻlamda foydalanmoqda. Fahsh, buzuqlikni targʻib qiluvchi saytlar va ularning sahifalari keng yoyilgan. Mish-mish, yolgʻon, uydirmalar, buzgʻunchi gʻoyalar, soxtalashtirish, tarafkashlik avj olgan. Foydalanuvchilar oʻz sahifalariga nomaʼlum rasmlar qoʻyib, maʼlumotlarni soxtalashtiradi, asosi yoʻq, yolgʻon xabarlarni tarqatadi, faqat oʻzlarining fikrlarini haq deb, boshqalarning fikrini mensimaydi.
Afsuski, baʼzi blogerlarning hatto, ota-onasiga qoʻl koʻtarib videolavhalar tayyorlab, ommaga eʼlon qilayotgani ham bor gap. Nahotki, buni nazorat qilish, ularga tegishli choralar koʻrishning iloji boʻlmasa?