Shavkat Mirziyoyevning “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Qaror bilan bir qator ishlar amalga oshiriladi. Birinchidan, 2025-yil 1-yanvardan kambagʻal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.
Ikkinchidan, 2025/2026-oʻquv yilidan, kambagʻal oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Shuningdek, 2025-yildan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan kambagʻal oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.
Qayd etilishicha, “Xalq banki”, “Mikrokreditbank” ATB biriktirilgan rahbarlarning xulosasi asosida kambagʻal oilalarga noutbuk sotib olish uchun 5-yil muddatga 2-yil imtiyozli davr bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun qiymati 30 million soʻmgacha boʻlgan kichik ishlab chiqarish uskunalari, koʻchma doʻkonlar, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yil muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan garovsiz va foizsiz qarz ajratiladi.