Ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar roʻyxati qisqartirilmoqda

Kecha, 26-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxslardan talab etiladigan hujjatlar roʻyxati qisqartirilmoqda. Xususan, axborot tizimlaridan olish imkoniyati yaratilgani uchun davlat tashkilotlari va xoʻjalik birlashmalari tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va mehnat daftarchalarni hamda jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchasini talab qilish bekor qilinmoqda.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasi bilan partiya elektorati uchun qator yengilliklar berilayotgani, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinayotganini taʼkidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar berishdi. Savol-javoblardan soʻng qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

Yigʻilishda, shuningdek, “Xalqaro mehnat tashkilotining haq toʻlanadigan taʼtillar toʻgʻrisidagi 132-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1970-yil 24-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Konvensiyaning asosiy maqsadi — barcha ishlaydigan xodimlarga dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish oʻrni (lavozimi) hamda oʻrtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan taʼtillarni taʼminlashdan iborat.

Fraksiya aʼzolari Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, dam olish va haq toʻlanadigan taʼtillardan foydalanish huquqlarini taʼminlash boʻyicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qilishini alohida qayd etib, uni qoʻllab-quvvatladilar.

Kun tartibiga kiritilgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.

About the Author

You may also like these