“Xalqaro minbar” loyihasida Fransiya Siyosiy tadqiqotlar instituti dotsenti Jan-Pyer Landauning “Sunʼiy intellekt valyuta inqiroziga sabab boʻladimi?” sarlavhali tahliliy maqolasi taqdim etilmoqda.
Sunʼiy intellekt pulni oʻldiradimi? Bugun bu savol koʻpchilikni qiziqtiryapti.
Biz pulning haqiqiy fazilatini unutgandekmiz. Bu tushunchani faqat almashinuvni osonlashtiradigan, vaqt oʻtsa-da, qiymatni saqlaydigan vosita sifatida qabul qilyapmiz.
Aslida pul shunchaki vosita emas. Masalan, muomala uchun barter usulidan koʻra, tanga yoki qogʻoz pul juda qulay. Fyodor Dostoyevskiy taʼkidlaganidek, “pul zarb qilingan erkinlik”.
Kun kelib, sunʼiy intellekt tomonidan boshqariladigan, cheksiz maʼlumot va qayta ishlash imkoni mavjud dunyoda yashasak, vaziyat butunlay boshqacha koʻrinish oladi. Shunday sharoitdagina pul hech qanday ahamiyat kasb etmasligi mumkin.
Pul bizni qanday ozod qilishini anglash uchun har qanday bitim zanjirini koʻrib chiqish darkor. Mablagʻni olgach, biz vaziyatni nazorat qila boshlaymiz. Sarmoyani saqlash yoki sarflashni oʻzimiz hal qilamiz. Bunday imkoniyatni faqat pul beradi. Bundan tashqari, ayni universal vosita har qanday joy yoki vaqtda kimdan boʻlmasin, biror nimani sotib olish imkonini beradi. Alohida erkinlik boylikdan emas, balki tanlash qobiliyatidan kelib chiqadi.
XIX asrda baʼzi kompaniyalar xodimga maoshni faqat shu korxonaga qarashli doʻkonda qabul qilingan kvitansiya bilan toʻlagan. Zamonaviy texnologiya yordamida esa maxsus maqsadli, cheklangan foydalanish va hatto sotib olish sanasi bilan “dasturlashtiriladigan pul” chiqarish mumkin.
Hozir texnika turli xil iqtisodiy faoliyatni tashkil etadigan, qaror qabul qiladigan va vazifani bajara oladigan kelajakka poydevor qurmoqda. Bu jarayonda oʻzaro amaliyot, kredit va debit hisob-kitobi amalga oshiriladi, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomaga rioya qilish va bajarish taʼminlanadi. Hech qanday nosozlik yoʻq. Shunday dunyo sari allaqachon qadam bosilgan.
Oʻn yil oldin “Google” kompaniyasi bosh iqtisodchisi Xel Varian raqamli iqtisodiyotdagi har bir tranzaksiya markazida kompyuter turishini taʼkidlagan edi. Zero, endilikda kundalik faoliyat tobora avtomatlashtirilmoqda, algoritmik savdo qimmatli qogʻozlar bozorida, deyarli, hukmronlik qilmoqda, toʻlov tizimi aksar holatda dasturlashtirilgan.
Agar kripto valyuta tarafdorlarining kelajak haqidagi tasavvuri amalga oshsa, aqlli shartnoma markazlashmagan moliya olami vositachiligini boshqaradi. Baʼzilar, hatto, murakkab algoritm pul-kredit siyosatini yuritishda markaziy bank oʻrnini bosishi mumkin, deya taxmin qilishadi. Hozircha mashinadan qisman foydalanilyapti. Odamlar hamon erkin agent sifatida qaror qabul qilishni afzal koʻradi va shunga muvofiq harakatlanadi. Markaziy bank qoidaga koʻr-koʻrona amal qilmaydi. Ayniqsa, inqiroz davrida yoki taʼminot bilan bogʻliq zarbaga duch kelganda murakkab kelishuvni koʻrib chiqqandan soʻng qaror qabul qiladi.
Darhaqiqat, avtomatlashtirilgan, inson tomonidan boshqariladigan iqtisodiyotda pul har qachongidan koʻproq kerak. Faqat endi zamonga moslashish kerak, chunki raqamlashtirish masofa va vaqt haqidagi tushunchani keskin oʻzgartirdi.
Endi pul ham raqamli, masalan mobil telefonimizdagi token shaklida boʻlishi kerak – elektron pul murakkab hisobot yoki kontr agent tarmogʻidan oʻtmasdan, butun dunyo boʻylab bir zumda aylanishi mumkin. AI – sunʼiy idrok paydo boʻlishi bilan chegara yanada kengaydi. Ssenariy asosida koinot miqyosida loyiha yaratish mumkin. Bunda AI nafaqat maʼlumotni qayta ishlaydi va buyruqni bajaradi, balki qaror qabul qiladi va hatto oʻz maqsadini belgilaydi. Bunday boshqaruv obyektini kishilar xohish-istagiga, ehtimol, mos kelmaydigan imtiyoz asosida harakatlanuvchi “agent” sifatida tasavvur qilsa boʻladi. Bu imkoniyati bilan AI resursni, daromadni taqsimlash vazifasini zimmasiga oladi. Millionlab ehtimoliy holatlar orasidan barqaror iqtisodiy muvozanatni tanlaydi va baholaydi, afzal yoʻlni aniqlaydi.
Sunʼiy intellekt kelajagi haqidagi bahs koʻpincha oʻziga xoslikka ishora qiladi. Yaʼni, yaratilgan idrok ham rivojlanishi mumkin. Shu bilan birga aqlning har qanday koʻrsatkichi boʻyicha insondan tezda oʻzib ketadi.
Darvoqe, AI mutaxassislari orasida ham muayyan kelishmovchiliklar mavjud. Pulsiz dunyo texnik jihatdan badastir boʻlishi mumkin, ammo yashashga arziydimi yoki yoʻqmi, bu boshqa masala.