Oʻqishni koʻchirish boʻyicha test sinovlari yakunlandi

Talabalar oʻqishini xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlariga koʻchirish boʻyicha test sinovlari oʻtkazildi. 19–20-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida test sinovlari boʻlib oʻtdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, test sinovlarida 40 ming 897 nafar talabgor ishtirok etgan. 2 ming 902 nafar talabgor qatnashmagan boʻlsa, 83 nafar talabgor tartib-qoidani buzgani sababli test sinovlaridan chetlashtirildi.

Agentlikning xabar berishicha, 20-avgust kuni oʻtkazilgan test sinovi natijalari bugun my.uzbmb.uz saytida eʼlon qilinadi.

Talabgorlar oʻz natijalarini my.uzbmb.uz saytidagi “Oʻqishni koʻchirish (xorijiy va nodavlat) Natija” boʻlimidan pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritgan holda bilishlari mumkin boʻladi.

Qayd etish kerakki, mutaxassislik fanlaridan kasbiy (ijodiy) imtihon topshirgan talabgorlarning natijalari OTMlar tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihon natijalari Bilimni baholash agentligiga taqdim etilgandan soʻng eʼlon qilinadi.

About the Author

You may also like these