Mamlakatda boʻlayotgan katta iqtisodiy natijalar xalqimiz turmush tarzida oʻz ifodasini topmoqda

Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

Bir marrani moʻljal olib yoʻlga chiqqan borki, maʼlum masofani bosib oʻtgach, oʻzi uchun biroz mulohaza qilib koʻradi. Ortda qolgan yoʻlni qancha vaqtda bosib oʻtgani, qayerlarda qadami ildam boʻldi, qaysi pallada biroz sekinlagani haqida oʻylab koʻradi. Shunga qarab oldinda yana qanday harakat qilishini reja qiladi.

Yoshi ulugʻlarimiz yoʻl bilmagan, mulohaza qilib, rejali ish qilmagan manziliga kech yetadi deyishadi. Xalq – donishmand.

Hududlar va tarmoqlardagi iqtisodiy koʻrsatkichlar, aholi turmush tarzi, investitsiya, eksport-import, byudjetga tushumlar masalasini ham yoʻlga chiqqan kishiga mengzash mumkin. Quvonarlisi, bu yoʻlda Oʻzbekiston rejali va tadbirli. Uzoqni koʻzlagan mukammal strategiyaga ega. Bu shunchaki gap emas, natijani raqamlarda aniq koʻrish mumkin.

Yilning yarmi oʻtdi, sarhisob pallasidamiz. Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan olti oyda yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga koʻpaygan. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xoʻjaligi 3,8 foizga oʻsgan. Byudjet daromadlari ham 113 trillion soʻmga yetib, 14 foiz oshgan.

Yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qoʻshilgan qiymat esa 567,4 trillion soʻmga, yaʼni 45,1 milliard dollarga yetgan. Mutaxassislar bunday raqamlar ilgari boʻlmaganini qayd etishmoqda.

– Mamlakatimizda keyingi olti-yetti yilda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar barqaror iqtisodiy oʻsishga asos boʻlmoqda, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov. – Bugun dunyodagi geosiyosiy chigalliklar, transport-logistika tizimidagi qiyinchiliklar, savdo bozorlaridagi murakkab vaziyatlar sabab juda koʻplab davlatlarda iqtisodiy oʻsish jadalligi pasaygan. Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish ortayotgani islohotlar samarasi deyish mumkin. Raqamlarga qaraydigan boʻlsak, 2017-2018-yillarda Oʻzbekiston 50 milliard dollardan ortiqroq iqtisodiyotga ega edi. Oʻtgan yil yakunlari bilan 91 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotga erishildi, bu 1,6 barobar oʻsish degani. Bu yilgi prognozlar boʻyicha mamlakatimiz iqtisodiyoti 100 milliard dollarlik koʻrsatkichdan oʻtadi. Islohotlarimiz natijalarini esa xalqaro moliya tashkilotlari ham eʼtirof etilmoqda.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek dunyodagi vaziyat chigallashmoqda, global muhit qiyinlashmoqda. Bu vaziyatga qarab iqtisodiyotni moslashtirish choralarini koʻrish davr talabi. Prezident 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratgan edi.

Bugungi murakkab davrda iqtisodiy barqarorlikka erishish, uning izchilligini taʼminlash uchun tegishli choralar koʻrish vazifasi bor. Bu boʻyicha ham mamlakatimiz zarur strategiyaga ega. Oʻzbekistonda 2030-yilgacha yuqori-oʻrta daromadli mamlakatlar qatoriga kirish, kambagʻallik darajasini keskin pasaytirish, erishilgan natijalarni barqaror saqlab qolish kabi asosiy vazifalar belgilab olingan.

Shu oʻrinda baʼzi raqamlarga eʼtibor qaratamiz. Mamlakatimizda yil boshidan buyon 3,5 milliard dollarlik uch mingta turli loyiha ishga tushirilgan. Natijada olti mingta yuqori daromadli doimiy ish oʻrni yaratilgan. Tadbirkorlik uchun 82 trillion soʻm kredit va 15,5 trillion soʻm subsidiya berilib, olti yuz ming aholi biznesga jalb qilingan.

Bu raqamlar asosi hududlar rivoji, aholi turmush darajasi yaxshilanayotganida oʻz ifodasini topmoqda. Keyingi uch yilda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi. Bu natijaning oltmish foizi aholi daromadlari oshishi evaziga boʻlgani eʼtiborga molik.

Bir soʻz bilan aytganda mamlakatda boʻlayotgan iqtisodiy oʻzgarishlarni oddiy odamlar oʻz hayotida koʻrmoqda.

About the Author

You may also like these