2024-yil 1-avgustdan milliy qonunchilikda bir qator oʻzgarishlar kuchga kiradi. Xususan, ayrim obyektlar hududning zilzilabardoshligidan kelib chiqib loyihalanadi va quriladi, master-reja hududlaridagi yer uchastkalari auksionga chiqariladi, ayrim kreditlar boʻyicha klaster taʼsischilarning shaxsiy kafilligi rasmiylashtiriladi, tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi va boshqalar…
1-avgustdan milliy qonunchilikda quyidagi oʻzgarishlar kuchga kiradi:
Ayrim obyektlar hududning zilzilabardoshligidan kelib chiqib loyihalanadi va quriladi
“Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2024-yil 1avgustdan xavflilik omili III — IV toifa boʻlgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini koʻrsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.
Master-reja hududlaridagi yer uchastkalari auksionga chiqariladi
“Hududlarning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish va boʻsh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2024-yil 1-avgustdan joylardagi hokimliklar joriy yil yakuniga qadar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualari va servis obyektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-koʻngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqariladi.
Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutiga bir necha huquqlar beriladi
“Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2024-yil 1-avgustdan Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institutiga quyidagi huquqlar beriladi:
— raqamli kriminalistika boʻyicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni oʻtkazish;
— jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qoʻyish, saqlash va tadqiq qilish hamda oʻrganilgan maʼlumotlar boʻyicha xulosalar tayyorlash;
— raqamli kriminalistika sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarni zamonaviy raqamli kriminalistika ekspertiza turlari boʻyicha masofaviy va anʼanaviy tarzda oʻqitish;
— raqamli kriminalistika faoliyatini amalga oshirish hamda maxsus kriminalistika laboratoriyalari ishini samarali tashkil etish uchun shartnoma asosida malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;
— ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari doirasida hamda texnik vosita va butlovchi ehtiyot qism sifatida foydalanish uchun Ichki ishlar vazirligida yuritiladigan raqamli axborot tashuvchi qurilmalar (mobil telefon, smartfon, planshet, kompyuter texnikasi, videoregistrator, qattiq disk, flesh xotira va tashqi jamlagichlar) kolleksiyasidan foydalanish;
— ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun zarur boʻlgan statistik va boshqa axborotni vazirliklar va idoralardan bepul asosda soʻrab olish.
Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi
“Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra,2024-yil 1-avgustdan:
— tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil boʻladigan tibbiyot chiqindilari toʻliq hajmda Loyiha kompaniyasiga topshiriladi;
— loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi taʼminlanadi.
Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.
Ayrim kreditlar boʻyicha klaster taʼsischilarning shaxsiy kafilligi rasmiylashtiriladi
“Paxtachilik sohasi korxonalarining iqtisodiy-moliyaviy holatini yaxshilashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga koʻra, 2024-yil 1-avgustdan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kredit resurslari hisobidan tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha klasterlar taʼsischilarining shaxsiy kafilligi qoʻshimcha ravishda rasmiylashtiriladi.
Turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi OTMlarda amaliyot bazalari tashkil etiladi
“Turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qaroriga koʻra, 2024-yil 1-avgustdan turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalarida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan amaliyot bazalarini (turoperator, tur-agent, gid-tarjimon, mehmonxona va turizm transporti xizmatlarini koʻrsatish obyektlari) belgilangan tartibda tashkil etishga ruxsat beriladi.