Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kaliforniya shtati Santa Klara shahrida joriy yil 26-28-iyul kunlari Silikon vodiysi Xalqaro ixtirochilar innovatsion festivali — “The Silicon Valley international invention festival (SVIIF)” boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Ixtirochi ayollar markazining xabar berishicha, mazkur xalqaro festival jahon ilm-fani, texnologiyalari sohasidagi yutuqlar va yaratilayotgan yangi texnologiyalarni oʻrganish hamda ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkaziladi.
“SVIIF 2024” – festivalida 30 dan ortiq davlatdan kelgan 350 nafardan ziyod ixtirochi texnika, texnologiyalar, oziq-ovqat, tibbiyot, kimyo hamda sanoatning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz ixtirolari va innovatsion ishlanmalari bilan qatnashdi.
Shunisi diqqatga sazovorki, ilk bor ushbu Silikon vodiysi xalqaro ixtirochilar festivalida oʻzbekistonlik olima ayol, Toshkent davlat texnika universitetining “Metrologiya, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish” kafedrasi mudiri, Oʻzbekiston Ixtirochi ayollari markazi eksperti Parahat Matyakubova ishtirok etdi.
U festival doirasida tashkil qilingan koʻrik-tanlovda “Capacitive moisture meter for liquid products and pool materials” mavzusidagi ixtirosi boʻyicha amalga oshirgan ilmiy ishlari va erishilgan natijalarni namoyish qildi.
Oʻzbekistonlik olima ayol, texnika fanlari doktori, professor Parahat Matyakubovaning ushbu ixtirosi xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholandi.
Hamyurtimiz festival doirasida tashkil qilingan tanlovda don mahsulotlari va qattiq sochiluvchan materiallarning namligini nazorat qilish qurilmasi uchun olgan patenti “SVIIF-2024” — “The Finals” nominatsiyasi boʻyicha “Ixtirochi mutaxassis maxsus sovrini” hamda oltin medal bilan taqdirlandi.
Ixtiro natijalari don mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga joriy qilingan, funksional imkoniyatlari kengayishi hisobiga yuqori iqtisodiy samaraga erishilgan.