Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova gʻoliba qiz bilan uchrashib, uni noutbuk va tashakkurnoma bilan taqdirladi.
Joriy yilning 15 – 22-iyul kunlari Germaniyaning Gyottingen shahrida nemis tili boʻyicha Butunjahon olimpiadasi oʻtkazildi. Berlindagi Gyote instituti maʼlumot berishicha, olimpiada finalida 62 mamlakatdan 14 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan 100 dan ziyod ishtirokchi kurash olib borgan.
Olimpiada Oltin medaliga bir yoʻla uch qatnashchi loyiq topildi: – Rayyona Ibrohimova (Oʻzbekiston); – Mahek Xon (Bangladesh); – Ana Kotevska (Shimoliy Makedoniya). Ikkinchi va uchinchi oʻrinlar Meksika, Italiya, Slovakiya, Polsha va Buyuk Britaniya maktablari oʻquvchilariga nasib etgan. Maʼlumot oʻrnida, Rayyona Ibrohimova Andijon shahridagi 4-maktabning 10-sinf oʻquvchisi. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova ham Rayyona Ibrohimova bilan uchrashib, noutbuk bilan taqdirladi.
“Bugun Rayyona, uning onasi va ustozi bilan uchrashib, hammalarini ulkan yutuq bilan samimiy tabrikladik. Farzand muvaffaqiyatida aynan ota-onalarning xizmati beqiyos boʻlgani uchun Rayyonaning onasiga Tashakkurnoma taqdim etdik”, — deb yozadi vazir oʻzining Telegram kanalida.