Bugungi kunda respublikada 36 ta vazirlik va idoralar tasarrufidagi 153 ta oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda ilmiy darajali kadrlar tayyorlanmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021 yil uchun tayanch doktorantura va doktoranturaga qabul kvotalariga buyurtmalarni so‘rab vazirlik va idoralarga murojaat etilganda, yuqoridagi tashkilotlardan 3728 nafar o‘ringa buyurtmalar qabul qilindi. Moliya vazirligi, o‘z navbatida, byudjet imkoniyatlarini hisobga olgan holda 2021 yil uchun jami 1800 ta o‘ringa mablag‘ ajratilishini tasdiqladi. Shundan fan sohasiga tayanch doktoranturaga 365 ta, doktoranturaga 64 ta, ta’lim sohasiga tayanch doktoranturaga 1292 ta, doktoranturaga 79 ta o‘rin ajratildi. Bu jami buyurtma berilgan kvotalarni 48,2 foizini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilgan «Ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi 3-ilovasida 304-son qarorga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra qabul kvotalarini oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarga qabul kvotalarini Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda taqsimlashi belgilangan. Qaror loyihasi tasdiqlanishi arafasida ekanligidan kelib chiqib, birinchi marotaba qabul kvotalarini taqsimlashda vazirlik va idoralarning mas’ullari, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash institutlari mavjud oliy ta’lim muassasalari prorektorlari hamda ilmiy tashkilotlar direktor o‘rinbosarlari bilan ZOOM orqali bog‘lanildi va ularning bugungi kundagi real ehtiyoji o‘rganildi. Suhbat natijalari asosida, ilmiy darajali kadrlar tayyorlovchi muassasa rahbarlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari takliflari asosida taqsimot loyihasi qayta ishlandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida Nizom»ning 14-bandi 5-xatboshiga muvofiq izlanuvchining to‘lov-kontrakt mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha qabul kvotasini shakllantirishi mumkin.