
Karantin davrida o‘quvchilarning vaqtini foydali va qiziqarli o‘tkazadigan, ularga ishtiyoq beradigan o‘zbek tilidagi ta’lim platformasi mavjud emasligi nafaqat ta’lim, balki iqtisodiy tomondan ham zarar katta edi. KHISO olimpiada maktabi asoschisi, “Kun testi” mobil ilovasi va www.khiso.uz onlayn olimpiadalar platformasi startap loyihasi rahbari Sardorbek Bozorov ana shunday innovatsion platforma yaratdi:
– Yurtimizda karantin joriy etilgach, jamoamiz bilan oʻzimizning telegram kanalimizda “Kun testi” oʻtkaza boshladik. Ushbu test sinovlarida ishtirok etadigan yoshlar soni tezda oshib ketdi.
Shundan soʻng bu jarayonni avtomatlashtirmasak boʻlmaydi, degan xulosaga keldik. Natijada bizning ushbu mobil ilovamiz yaraldi.
Koʻpchilik shunday savol beradi: “Nega aynan taʼlimga oid platforma yaratdingiz?” Sababi oʻzbek tilida taʼlimga oid platforma juda kam yoki yoʻq desak ham boʻladi. Boshqalaridan farqli jihati esa “KHISО”da raqobat mavjud.
Bizning platformada reyting yuritiladi. Respublika, shahar va tumanda kimlar yetakchi? Bilimdon yoshlar esa oʻzidan kimdir oʻzib ketayotganini koʻrsa, har kuni testlar ishlay boshlaydi.
Ragʻbatlantirish bor. Har oyning oxirida respublika va viloyat bosqichi gʻoliblariga medallar va esdalik sovgʻalari topshiramiz.
Eng asosiy jihatimiz esa bizning platformada tizim mavjud. Shuningdek, bizda eng kuchli jamoa shakllangan. 2015-yildan buyon xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan yoshlarning aksariyati mening shogirdlarim. Jamoamizda ular ham faoliyat olib boradi.
Hozirda 50 ming nafardan ziyod odam mobil ilovamizdan foydalanyapti. Saytimizdan esa 205 mingdan ziyod kishi roʻyxatdan oʻtgan.